Markaziy bank O‘zbekistonda valyuta va foiz xatarlarini boshqarish kompaniyasini tashkil etishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, Markaziy bank va Iqtisodiyot va moliya vazirligining kompaniyani aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etish taklifini ma‘qullash rejalashtirilmoqda. Regulyator esa valyuta va foiz xatarlarini boshqarish tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Kompaniyaning Iqtisodiyot va moliya vazirligi, banklar, xalqaro moliya institutlari va kompaniyalari bilan hosila moliyaviy vositalar (derivativlar) bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitimlar tuzishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, u ichki valyuta va pul bozorida derivativlar bo‘yicha doimiy kotirovkalarni taqdim etish orqali bozor likvidligini ta‘minlaydi. Kompaniyaga quyidagi vakolatlarni berish taklif etilmoqda:

  • banklararo pul bozoridagi operatsiyalarda ishtirok etish;
  • valyuta birjasi va birjadan tashqari savdolarda xorijiy valyutani sotib olish va sotish;
  • qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali ichki va xalqaro kapital bozorlaridan qo‘shimcha resurslar jalb qilish;
  • xalqaro reyting agentliklaridan kredit reytingini olish;
  • bo‘sh pul mablag‘larini ichki va tashqi moliyaviy aktivlarga joylashtirish;
  • xorijiy davlatlarda hisobvaraqlar ochish.

Bundan tashqari, kompaniya derivativlar bilan bitimlar tuzish, ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish va ma‘lumotlarni saqlash uchun xalqaro vendor kompaniyani jalb qilishi mumkin.

Kompaniya ustav kapitalini shakllantirish maqsadida Markaziy bank tomonidan uch oy muddatda Milliy kliring markazi ustav kapitaliga 170 mlrd so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, valyuta va foiz xatarlarini boshqarish tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdorini 500 mlrd so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda.

Markaziy bank 2027-yil 1-oktabrgacha sohani nazorat qilish va tartibga solishga oid normativ hujjatlarni ishlab chiqishi hamda banklarning derivativlar bilan bitimlari doirasidagi prudensial talablarni Bazel qo‘mitasi standartlariga bosqichma-bosqich moslashtirish choralarini ko‘rishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda derivativlar bozori ishtirokchilari uchun malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.


Spot avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim vazirligi yagona vazirlikka birlashtirilib, yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilgani haqida yozgandi.