Toshkent viloyatida banklardan birining mintaqaviy markazi Mahallabay va davlat dasturlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i $100 ming olayotganda ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

2024-yilda Quyi Chirchiq tumani hokimligi balansidagi 16,05 gektar yer maydonidan chorvachilik maqsadida foydalanish uchun ijara huquqi elektron auksion orqali bank xodimining otasiga sotilgan.

U mazkur yer maydonini sotish hamda hokimlik zaxirasidagi yana 4 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan jami $4,25 mln talab qilgani aytilmoqda.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulning $100 mingini oldindan olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot avvalroq Toshkent viloyatida davlat yerini $400 mingga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani haqida yozgandi.