Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov O‘zbekistonda iqtisodiyot, madaniyat, ma’rifat, sport sohalaridagi qator muhim loyihalarni ro‘yobga chiqarishda ishtirok etmoqda. “O‘zbekiston 24” telekanalining “Daxldorlik tuyg‘usi” ko‘rsatuvida shu haqda so‘z bordi.
O‘zbekiston metallurgiya kombinati
2017-yili Usmonovning yordami bilan jahon miqyosidagi metallurgiya klasterlarini tashkil etish va rivojlantirish borasida tajribaga ega SFI Management Group kombinatning tashqi boshqaruviga jalb etildi.
Hozirda kombinatga ilk bor issiq briketlangan temir (IBT) va quyma xomashyo tayyor holda tashqaridan keltirilmoqda. Bugunga qadar 46 million dollarlik IBT, 27,3 million dollarlik quyma xomashyo keltirildi.
2018-yilda metalloprokat ishlab chiqarish prognozi 1,1 million tonnaga teng. Bu SFI Management Group kompaniyasi o‘tgan yili amalga oshirgan tuzilmaviy va tashkiliy o‘zgarishlarning kichik bir qismi xolos.
Natijada birgina iyul oyining o‘zida 99 ming tonna, yil boshidan hisoblansa — 636 ming tonna metalloprokat ishlab chiqarildi. Bu butun 2017-yil davomida ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining 87 foizi demakdir.
Suyultirilgan po‘lat eritishning oylik hajmi bo‘yicha rekord o‘rnatildi — 82,4 tonna. So‘nggi 10 yildan beri bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich 64 ming tonnadan oshmagan edi.
Umuman olganda, yil oxiriga qadar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 3,5 barobarga va daromad 3,3 barobarga oshishi, davlat byudjetiga tushumlar esa 0,5 trillion so‘mdan ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.
“So‘nggi yillarda katta muammolar bor edi, kominat esa jar yoqasiga kelib qolgandi. Yangi rahbariyat kelib, yangi g‘oyalar, yangi vazifalar belgiladi. Bularning barchasi ortida mamlakat taraqqiyoti uchun kuch va mablag‘ ayamaydigan Alisher Usmonov turibdi”, — deydi kombinat ishchilaridan biri.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati
Ushbu kombinat ham SFI Management Group’ning ishonchli boshqaruviga topshirilgan. Hozirgi vaqtda jahonning turli mamlakatlaridan yetakchi mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, ular ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun korxonani tekshiradi.
Alisher Usmonov rahbarligida metallurglar, konchilar va qimmatbaho metall qazib olish sohasining yetuk olimlari ishtirokida ekspertlar guruhi tashkil etilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu dasturni tatbiq etish uchun taxminan 300 million dollarlik mablag‘ yo‘naltiriladi.
Bu esa yiliga mis ishlab chiqarish hajmini 109 ming tonnadan 140 ming tonnagacha, ruh metallini ishlab chiqarishni 78 ming tonnadan 120 ming tonnagacha, oltingugurt kislotasi ishlab chiqarishni qariyb ikki barobar — 845 ming tonnadan 1,6 million tonnagacha oshirish imkonini beradi.
Qimmatbaho va nodir metallarni qazib olish hamda qayta ishlash avvalgi yillarga nisbatan 1,3 martaga ortadi.
Mahsulotlarni sotishdan olinadigan daromad 1,5 barobarga ortib, 12 trillion so‘mga yetadi. Davlat byudjetiga tushumlar hajmi ham 1,4 barobarga ortib, 5 trillion so‘mdan ortadi. Kombinatning sof foydasi ham 1,4 barobarga ortib, 1,6 trillion so‘mni tashkil qiladi.
Yangi konlarni, jumladan, “Yoshlik 1” va va “Yoshlik 2” konlarini o‘zlashtirish va rivojlantirish yo‘lida ayni paytda yettita istiqbolli investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Toshkent metallurgiya zavodi
Ushbu loyiha ham Usmonovning ko‘magida amalga oshirilmoqda. Bu yerda yiliga 500 ming tonna po’latga sovuq ishlov beriladi.
Loyihaning umumiy qiymati — 286,7 million yevro bo‘lib, shundan 206,69 million yevrolik qismini xorijiy investitsiyalar tashkil etadi. Ishlab chiqarilgan umumiy mahsulotning 80 foizini ichki, qolgan 20 foizi esa tashqi bozorga yo‘naltiriladi.
Boshqa loyihalar
Bundan tashqari, madaniyat, ma’rifat va sport sohalarida ham Alisher Usmonov ko‘magida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ulardan biri — Samarqand viloyatida Imom al-Buxoriy nmoidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish, ayni vaqtda Imom al-Buxoriy majmuasini to‘liq qayta rekonstruksiya qilishdir.
Alisher Usmonov shu yili ushbu loyiha uchun 19 million dollar miqdorida sarmoya kiritdi.
Usmonov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasida ham qatnashmoqda. Qurilish va markazni zarur anjomlar bilan ta’minlash uchun Usmonovning xayriya fondidan 2018-yilning o‘zida 68 million dollar mablag‘ ajratilgan.
Buxoroda restavratsiya ishlarini amalga oshirish ishlari uchun Alisher Usmonov 13 million dollar miqdorida mablag‘ kiritgan.
Umuman, Toshkent, Samarqand va Buxorodagi obyektlarni qurish va restavratsiya qilish uchun Alisher Usmonov 2018-yilning o‘zida 100 million dollar ajratadi.
Alisher Usmonov “Paxtakor” futbol klubini ham o‘z zimmasiga oldi.
Klubning eski stadioni o‘rnida FIFAning xalqaro standartlariga to‘liq javob bera oladigan yangi stadion qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 100 million dollardan ortiq mablag' ajratiladi.
“O‘zbek ekanimdan faxrlanishimni bir necha bor aytganman. O’zbekiston mening vatanim ekanidan faxrlanaman. O‘zbekistonga, uning rahbariyatiga qandaydir foydam tegadigan bo‘lsa, men har doim tayyorman. Har doim, istalgan daqiqada”, — deydi Alisher Usmonov.
Hozirgacha klubga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritilgan. Xorijiy murabbiylar guruhi taklif qilingan. Klubda deyarli barchasi — menejment, murabbiylar tarkibi o‘zgardi.
SFI Management Group mas’uliyati cheklangan jamiyat xorij korxonasi 2017-yil yanvar oyida tashkil etilgan. Ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy jarayonlarni boshqarishga xalqaro standartlarni joriy etishga ixtisoslashgan.




