Yunusobodda “Business city” quriladi, deb yozadi Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 oktyabr kuni ushbu zamonaviy ishbilarmonlik markazi loyihasi bilan tanishdi.

Xabarga ko’ra, majmua Yunusobod tumanining 2-Otchopar mahallasidagi 45,5 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan. Unda savdo markazlari, biznes ofislar, ko‘ngilochar maskanlar, saylgohlar, turar joylar va boshqa obyektlar bo‘lishi mo‘ljallangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihaning qiymati 500 million dollar bo‘lib, 2019−2023 yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari yangi ishbilarmonlik markazi qurilishida relefdan oqilona foydalanish, dunyo shaharlari tajribasini o‘rganish zarurligini qayd etdi. Uni barpo etishga xorijiy investorlar, tajribali loyihachi va quruvchilarni jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli uylarni boshqarish bo‘yicha takliflar taqdimoti o‘tkazildi. Bu takliflar Rossiyaning Qozon shahri tajribasi asosida ishlab chiqilgan. U professional servis kompaniyalari tashkil etish orqali ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

“Innovatsion, ilmiy va tashkiliy ishlarni birlashtirib, baravar olib bormasak, bu soha eskicha holda qolaveradi. Kommunal xizmatlar xususiy korxonalar tomonidan amalga oshirilmasa, sifat bo‘lmaydi. Sifat bo‘lmagandan keyin to‘lov ham barqaror bo‘lmaydi. Bu sohada xizmatni, hisob-kitobni joyiga qo‘ysak, vaziyat o‘zgaradi, odamlar rozi bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, tumanda ushbu tizimni joriy mavsumdayoq tatbiq etish, har bir ko‘p qavatli uyning egasini topib, ularga imtiyozlar berish zarurligini ta’kidladi.