Ilgari Spot “O‘zstandart” agentligi tomonidan O‘zbekiston hududiga ishlatilgan texnika va tekstil mahsulotlari olib kirilishini taqiqlovchi Vazirlar mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edi.

Loyiha elektrotexnika mahsulotlarini mamlakat hududiga olib kirilishini cheklashni ham nazarda tutadi.

Unga ko’ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab elektrotexnika mahsulotlari O‘zbekistonda erkin muomalaga chiqarilishi uchun ishlab chiqaruvchining Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida bitta xizmat ko‘rsatish markazi bo‘lishi kerak.

Aksar holda rasmiy dilerlari bo‘lmagan ishlab chiqaruvchining quyidagi elektrotexnika tovarlari sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • Sovutgichlar, muzlatgichlar va boshqa muzlatish yoki sovutish uskunalari
  • Ventilyatorlar
  • Havoni tozalash moslamalari
  • Idishlarni yuvish mashinalari
  • Kir yuvish mashinalari
  • Elektr motorli qo‘l asboblari
  • Elektr transformatorlar, statik elektr o‘zgartrgichlar (masalan, tog‘rilagichlar)
  • Chang yutgichlar
  • Elektr motorli elektromexanik maishiy mashinalar
  • Quritish moslamalari, dazmollar, pechlar
  • Monitorlar va proyektorlar
  • Mobil telefonlar

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 3 oktyabrga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, oʻz fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.