O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan “2021−2023 yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi"ni (Milliy strategiya) tasdiqlandi.

Mazkur hujjat Xalqaro moliya korporatsiyasining mamlakatda moliyaviy savodxonlik va moliyaviy ommaboplik darajasini kompleks hamda xolisona baholash maqsadida aholi bilan o‘tkazgan so‘rovnomasi natijalarini inobatga olgan holda Jahon banki ekspertlari ko‘magida tayyorlangan.

Milliy strategiya doirasida kelgusi yillarda quyidagi islohotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

  • banklarning xizmat ko‘rsatish nuqtalarini kengaytirish, bank xizmatlarini yetkazishning muqobil yo‘llarini joriy etish va bank agentlari tarmog‘ini yaratish orqali bazaviy moliyaviy xizmatlar qamrovini oshirish;
  • bozorga yangi fintex kompaniyalarning kirib kelishiga qulay shart-sharoitlar yaratish, masofadan identifikatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, milliy to‘lov tizimini modernizatsiya qilish orqali raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish;
  • tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirishga mo‘ljallangan turli moliyaviy vositalarni rivojlantirish va nobank kredit tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish orqali kichik tadbirkorlik sub’ektlarini moliyalashtirishni kengaytirish;
  • moliyaviy mahsulot va xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shikoyatlar va nizolarni hal qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish orqali moliyaviy xizmatlar iste’molchilari huquqlarining himoyasini kuchaytirish;
  • OAV orqali aholining moliyaviy xizmatlardan xabardorligini oshirish, umumta’lim muassasalarida va noiqtisodiy yo‘nalishdagi ta’lim muassasalarida “Moliyaviy savodxonlik” o‘quv dasturini joriy etish, shuningdek, moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish kabilar orqali aholi va tadbirkorlarning moliyaviy savodxonligini oshirish belgilangan.

MB ta’kidlashicha, islohotlar aholining moliyaviy savodxonligini oshirish moliyaviy tizim va iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlashga hamda mamlakatda yashirin iqtisodiyot ulushining qisqarishiga xizmat qiladi.

Avvalroq Spot, fevral oyida Finlit.uz moliyaviy savodxonlik sahifasi ishga tushganligi haqida yozgan edi.