Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.

Joylarda ishni qanday tashkil etish Yangiyo‘l tumani misolida ko‘rsatib berildi. Tumanda 1,4 ming kilometr elektr tarmog‘i va 422 ta transformator mavjud.

So‘nggi besh yilda aholining elektr iste‘moli 68 mlndan 102 mln kilovatt-soatga, ya‘ni 1,5 karra oshgan. Lekin bu davrda bor-yo‘g‘i 60 ta transformator va 240 kilometr tarmoq yangilangan. Yil boshidan elektr yo‘qotishlari 30 mln kilovatt-soatga yetgan, tarmoqlarda 37 ta avariya sodir bo‘lgan.

To‘lov intizomi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani sababli debitor qarzdorlik 43 mlrd so‘mga chiqib ketgan. Shuning 9,4 mlrd so‘mi noreal qarzdorlik hisoblanadi.

Tumanda 829 ta iste‘molchining hisoblagichi ASKUE tizimiga mos kelmaydi, yana 2 mingta hisoblagich ma‘lumot yubormaydi. Soliqqa “nol” hisobot topshirgan 48 ta korxona esa olti oyda 871 ming kilovatt-soat elektr ishlatgan.

Gaz ta‘minotida ham xuddi shunday ahvol kuzatilmoqda. 5 mingdan ortiq gaz hisoblagich ma‘lumot uzatmayotgani oqibatida qarzdorlik 188 mlrd so‘mga yetgan.

Yangiyo‘l tumani aholisi va tadbirkorlarini elektr hamda gaz bilan barqaror ta‘minlash bo‘yicha maxsus shtab tashkil etiladi. Unga energetika vaziri Sherzod Xodjayev boshchilik qiladi, tuman hokimi San‘at Jumaniyozov esa uning o‘rinbosari bo‘ladi.

Mas‘ullar ikki haftada tumanning 51 ta mahallasida aholi va tadbirkorlarning oylik, choraklik va yillik talabini o‘rganadi. Shu asosda “energiya iste‘moli balansi” shakllantiriladi.

Qaysi mahallada transformator yoki gaz taqsimlash qurilmasini yangilash, qayerda tarmoq tortish zarurligi aniq belgilanadi. ASKUE va ASKUG tizimiga mos kelmaydigan hisoblagichlar almashtirilib, ma‘lumot uzatmayotgan qurilmalarning uzluksiz aloqasi ta‘minlanadi.

Elektr va gaz yo‘qotishlarini 2 karra kamaytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi. Bunda zarur mablag‘ning qanchasi tizim korxonalari, qanchasi mahalliy qo‘shimcha daromad hisobidan ajratilishi aniq ko‘rsatiladi.

Yirik iste‘molchi bo‘lgan korxonalar energiya auditidan o‘tkazilib, ularni tejamkor texnologiyalarga o‘tkazish uchun banklar tomonidan resurs ajratiladi. Barcha bog‘cha, maktab, texnikum, shifoxona va poliklinikalarning energiya sarfi tahlil qilinib, toifalarga ajratiladi.

Ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi diagnostika qilinadi, qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘chama-ko‘cha ish olib boriladi. Barcha ishlar 1-oktabrgacha yakunlanib, Yangiyo‘l elektr va gaz ta‘minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantiriladi.

Spot, avvalroq, jiddiy kamchiliklar uchun HET rahbari Asrorjon Askarov ham lavozimidan ozod etilgani haqida yozgandi.