Qonun loyihasida ayrim davlat boji stavkalari birlashtirish hisobiga kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomasini tasdiqlaganlik uchun boj miqdori BHMning 3 baravari (810 ming soʻm) miqdorida belgilanmoqda. Amaldagi tartib boʻyicha boj miqdori transport vositasi ishlab chiqarilgan yili va ot kuchiga qarab (avtomobil quvvati 110 ot kuchidan ortiq va ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan hollarda) BHMning 10 baravari (2,7 mln soʻm)gacha belgilangan.

Koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni rasmiylashtirishda davlat bojini Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida mol-mulkning kvadrat-metridan qatʼi nazar BHMning 1,5 baravari (405 ming soʻm), boshqa hududlarda BHMning 1 baravari (270 ming soʻm) miqdorida belgilash koʻzda tutilmoqda.

Buning natijasida maydoni 100 kv/mgacha boʻlgan mulk uchun davlat boji 50% ga (markazlarda 33% ga) koʻpayadi, 200 kv/mgacha boʻlgan mulk uchun oʻzgarmaydi (markazlarda 33% ga kamayadi), 200 kv/mdan ortiq mulk uchun 33% ga (markazlarda 2 barobarga) kamayadi.

Shuningdek, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf qilish huquqini beruvchi ishonchnomalarni va avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini rasmiylashtirishda mulkdorga begona shaxslar uchun davlat boji miqdorini BHMning 3 baravari (810 ming soʻm)dan 2 baravari (540 ming soʻm)ga kamaytirish taklif etilmoqda.

Avvalroq Spot rulda quloqchinlardan foydalanish, avtomobil saloniga monitor oʻrnatish kabi oʻzgarishlarni oʻz ichiga olgan yangi qonun haqida yozgan edi.