Toshkent shahrida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan fuqarolar uchun xizmat koʻrsatuvchi transport vositalari ish boshladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi telegram kanalida xabar beriladi.

An’anaviy taksilardan farqli ravishda bu avtomobillar tayanch- harakat a’zolarida muammolari bor insonlarga moʻljallangan hamda har bir yoʻlovchidan tushgan mablagʻning ma’lum foizi nogironlarni ijtimoiy muhofaza qiluvchi tashkilotlarning hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.

Nogironligi bor shaxslarning kundalik yumushlarini samarali hal qilishda taksi transport xizmati ham ahamiyatli hisoblanadi.

Mazkur xizmat Markaziy Osiyo mintaqasida ilk amaliyot boʻlib, yil sayin unga talab va ehtiyoj ortib bormoqda.

Ma’lumot uchun: Statistik hisob-kitoblarga koʻra, bugungi kunda Toshkent shahrida 6000 ga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan fuqarolar istiqomat qilmoqda. Ulardan 300 ga yaqini esa tayanch- harakat a’zolarida nuqsoni bor insonlardir.