Endi har bir isteʼmolchi maxsus kalkulyator dan foydalanib, isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun amaldagi va taklif etilayotgan tariflar boʻyicha qiyosiy hisob-kitoblarni amalga oshirishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, gaz taʼminoti tizimida isteʼmolchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ayniqsa, “aqlli” hisoblagichlarning oʻrnatilishi tabiiy gaz sarfi va toʻlovlarni masofadan turib nazorat qilish, soha xodimlari va isteʼmolchi oʻrtasida yuzaga keladigan turli tushunmovchiliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni vaqtgacha respublika boʻyicha 3 milliondan ortiq zamonaviy hisobdon oʻrnatildi va bu jarayon yaqin vaqt ichida yakunlanadi.

Bundan tashqari “Hududgaztaʼminot” AJ isteʼmolchilar uchun xizmat koʻrsatish turlarini doimiy ravishda rivojlantirib, kengaytirib bormoqda. Xususan, “Isteʼmolchi” tizimi tabiiy gaz foydalanuvchilarining shaxsiy hisob raqamini boshqarishi va onlayn xizmatlarni olish boʻyicha yaqin koʻmakchi hisoblanadi. Yaʼni, shaxsiy kabinet aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida joriy qilingan boʻlib, isteʼmolchilar ushbu kabinet orqali byurokratik toʻsiqlarsiz, bir nechta gaz xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega.

Jumladan, shaxsiy kabinetdan foydalanish uchun birinchi navbatda isteʼmolchi roʻyxatdan oʻtishi va kerakli maʼlumotlarni toʻldirishi kerak. Yangi tizimning afzalligi shundaki, agar foydalanuvchida bir nechta shaxsiy hisob raqam boʻlsa, ularning holatini, shuningdek, barcha obyektlari uchun gaz isteʼmoli va toʻlovlarni kuzatib borishi, kunlik, oylik gaz isteʼmoli hamda qarzdorlik haqidagi maʼlumotlarni olishi mumkin.

Shaxsiy kabinet isteʼmolchi uchun quyidagi qoʻshimcha imkoniyatlarni beradi:

  • Isteʼmolchilar tomonidan murojaatlar joʻnatish (gazga doir takliflar, eʼtirozlar va boshqa masalalar yuzasidan);
  • Gaz isteʼmoli, toʻlovlari va boshqa holatlarga oid barcha maʼlumotlarga ega boʻlishi hamda oʻzi mustaqil monitoring qilishi;
  • Isteʼmolchi bir nechta xonadoni boʻyicha yagona oynada barcha maʼlumotlarini koʻrish imkoniyati;
  • Tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan isteʼmolchi gaz servis xizmatlariga ariza berishi va boshqalar.

Tizimdagi maʼlumotlar muntazam yangilanib turiladi. Oldingi bajarilgan amallar boʻyicha barcha maʼlumotlar, jumladan, hisob raqamdagi mablagʻlarni toʻlash va sarflash, shuningdek, gaz isteʼmoli haqidagi maʼlumotlar saqlanadi, deyiladi xabarda.

Isteʼmolchilardan gaz taʼminoti boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollari boʻlsa, shaxsiy kabinetlarida biriktirilgan hududiy gaz tashkilotiga murojaat etishlari yoki 1104 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilishlari mumkin.

Avvalroq 1-iyuldan elektr va gaz boʻyicha tabaqalashtirilgan tariflarga oʻtilishi haqida xabar berilgandi.