“Toshkent metropoliteni"ning xabar berishicha, ayni kunlardagi anomal issiq tufayli ayrim yoʻnalishlarda poyezdlar harakati tezligiga vaqtincha cheklov joriy etiladi.

Qayd etilishicha, temiryoʻllardan foydalanish qoidalariga koʻra relslar harorati 55 daraja issiqdan oshganda poyezdlar harakati tezligi pasaytirilishi, relslar harorati 60 daraja issiq boʻlganda poyezdlar harakati tezligi 40 km/soatdan, 65 daraja issiqda — 25 km/soatdan oshmasligi, 70 daraja issiqda esa poyezdlar harakati taqiqlanishi belgilangan.

Bildirilishicha, poyezdlar harakati va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida metropoliten yerusti halqa yoʻli va Sergeli yoʻli uchastkalarida havo harorati koʻtarilishi kuzatilgan vaqtlarda poyezdlar harakati tezligiga vaqtincha cheklov joriy etiladi.

Poyezdlar harakat jadvalini meʼyorda saqlash maqsadida “Chilonzor” yoʻnalishining yer osti yoʻli qismida (“Olmazor"-"Buyuk ipak yoʻli”) poyezdlar tezligi 40 km/soatga tushirildi, deyiladi xabarda.

Avvalroq “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” ham anomal issiq ob-havo tufayli poyezdlar harakat jadvalida oʻzgarish kiritilgani haqida xabar bergandi.