“Facebook” tasmasida (lenta) endilikda doʻstlar “postlari” bilan bir qatorda tavsiyalar ham joy oladi. Ijtimoiy tarmoq buning uchun tasmaga yana bir boʻlim qoʻshadi. Bu haqda Mark Sukerberg eʼlon qildi.

“Postlar” bir qancha guruhlarga — barcha, faqat doʻstlar, guruhlar va boshqalarga boʻlinadi. Foydalanuvchi ularni xronologik tartibda koʻrishi mumkin.

Ilova “Uy” deb nomlanuvchi yorliqda ochiladi, unda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchiga yoqishi mumkin deb hisoblangan kontentni koʻrsatadi. Unda doʻstlar qatoridan joy olmagan boshqa foydalanuvchilarning postlari ham joy oladi.

Tasma butun dunyo boʻylab iOS va Android ilovalarida bir hafta ichida yangilanishi kerak, deb yozadi “Engadget”. Ish stoli versiyasida oʻzgarishlar bir necha hafta ichida paydo boʻladi.


“The Verge” 2022-yil iyun oyida “Facebook” “TikTok kabi” tasma yaratmoqchi ekanligini yozgan edi. Kompaniya shu yoʻl bilan yoshroq auditoriyani jalb qilmoqchi, chunki fevral oyida tarixda birinchi marta “Facebook” noyob foydalanuvchilari yoʻqolgani haqida xabar berilgandi.