“Uz-DongJu Paint” kompaniyasining 50% ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.

Hozirda xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini tanlab olish yuzasidan tanlov e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, konsultantlar avtomobillarga bo‘yoq ishlab chiqarish sohasida tegishli bilim va tajribaga ega bo‘lishlari kerak.

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlar takliflarini so‘rovnoma asosida taqdim etishlari mumkin.

Tijorat takliflari joriy yilning 5-sentabr kuniga qadar qabul qilinadi.

Shuningdek, qo‘shma tijorat taklifini taqdim etuvchilar jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultantni ko‘rsatishi lozim.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Korxona haqida

Uz-DongJu Paint” — avtomobillar uchun lak-bo‘yoqlar, plomba moddalari, kuzovlarini dastlabki ishlov berish uchun kimyoviy moddalar, tunuka idishlar va metall bochkalar, rezina qistirmalari ishlab chiqaruvchi korxona hamda sport poyabzali ishlab chiqarish sexini o‘z ichiga oladi.

Korxonaning lak-bo‘yoq ishlab chiqarish bo‘yicha yilik quvvati 11 500 tonna, rezina jipslovchi qismlar ishlab chiqarishda 230 ming dona avto jamlanma, sport inventarlari ishlab chiqarishda (krossovka) 254 ming juftni tashkil etadi.

Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston, Turkmaniston hamda Qozog‘istonga mahsulotlar eksporti amalga oshiriladi.

Kompaniyaning ustav kapitali 28,7 mlrd. so‘m.

2021-yilda kompaniyaning sof tushumi 49,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.


Avvalroq “Spot” “UzAuto Trailer"ning 100% davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlangani haqida yozgandi.