Iordaniya Qirolligining “Jordan Aviation” aviakompaniyasi Amman va Toshkentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘lamoqchi, deya xabar berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, birinchi yo‘lovchi charter reysi joriy yilning 13-dekabriga belgilangan.

Shuningdek, reyslar haftasiga bir marta Boeing 767 samolyotlarida amalga oshirilishi ta’kidlangan.

Jordan Aviation — shtab-kvartirasi Ammanda joylashgan Iordaniya aviakompaniyasi bo‘lib, charter reyslarini amalga oshiradi. Shu bilan birga, BMT tinchlikparvar missiyalari uchun havo transportida yuklarni yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

Avvalroq, Ummonning “Salam Air” aviakompaniyasi Maskat-Tashkent-Maskat va Maskat-Namangan-Maskat yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam qatnovni amalga oshirmoqchiligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Vetnamning “VietJet Air” aviakompaniyasi 15-dekabrdan Xoshimin-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda.