Avvalroq Vetnamning “VietJet Air” aviakompaniyasi 15-dekabrdan boshlab Xoshimin-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.

2022-yil 26-dekabrdan 2023-yil 23-martgacha mazkur aviakompaniya Kamran-Toshkent-Kamran yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Birinchi bosqichda parvozlar haftada bir marta charter asosida 367 yoʻlovchiga moʻljallangan A-330 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Bunga parallel ravishda O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Kompaniya haqida

“VietJet Air” xalqaro arzon (loukoster) aviakompaniya bo‘lib, shtab-kvartirasi Xoshimin shahrida joylashgan.

Kompaniya 2017−2021 yillar davomida “AirlinesRating” tomonidan eng yaxshi ultra arzon aviakompaniya deb topilgan.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Ural Airlines” va “IrAero” aviakompaniyalari Surgut, Nijnevartovsk va Tyumendan O‘zbekistonning yettita shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.