Rossiyaning “Ural Airlines” va “IrAero” aviakompaniyalari Surgut, Nijnevartovsk va Tyumendan O‘zbekistonning yettita shahriga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat oldi, deb xabar bermoqda havo transporti federal agentligi.

“IrAero” aviakompaniyasi Toshkentga Surgut va Tyumendan haftasiga olti martagacha, Nijnevartovskdan esa yetti martagacha parvoz qila oladi.

“Ural Airlines” esa Nijnevartovskdan Farg‘ona, Buxoro, Urganch, Navoiy, Namanganga qish mavsumi tugagunga qadar, Samarqandga esa yoz mavsumi oxirigacha haftasiga yettitagacha reysni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Xabarga ko‘ra, Surgutdan Toshkentga haftasiga besh martagacha parvoz qilishni rejalashtirgan “Red Wings” aviakompaniyasiga ruxsat berilmagan.

Avvalroq mazkur aviakompaniya 4-noyabrdan Toshkentdan Stavropol va Ufaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, “IrAero” aviakompaniyasi 20-sentabrdan Samarqanddan Qozonga parvozlarni boshlagandi.