Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan “Xalq banki"ning Sirdaryo viloyati Xovos filialida noqonuniy holat aniqlandi. Bu haqda “UzA” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2020−2023 yillar davomida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirish va (yoki) biron-bir hujjat rasmiylashtirmasdan hamda soxta ma’lumotlardan foydalangan holda jami 3,8 mlrd so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Holat yuzasidan DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bankning Xovos filiali bir nafar mas’ul xodimiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.


Avvalroq Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Mirobod tumanida bankomatlardan qaytgan mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari aniqlangani haqida xabar bergandi.

Departamentning Mirobod tuman bo‘limi tomonidan “Turonbank"ning murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv natijasida soxta ma’lumotlar tuzish orqali jami 347,5 mln so‘m va $7,6 ming o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Xabarga ko‘ra, ushbu bank xizmatlari markazi kassa amaliyotlari bo‘limi kassiri J.D. va boshqa mas’ul shaxslari bank xizmatlari markaziga qarashli 10 dona bankomatdan qaytgan mablag‘larni tegishli tartibda kirim qilmagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.