O‘zbekiston va Rossiya Jizzax viloyatida qurilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi ekspertizasi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi (O‘zatom) agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

22−23-iyul kunlari O‘zatom agentligi va AES qurilishi direksiyasi delegatsiyasi Moskva shahrida xizmat safarida bo‘ldi. Tashrif doirasida delegatsiya Rosatom davlat korporatsiyasining kapital qurilish bo‘yicha direktori Dmitriy Volkov hamda Tarmoq kapital qurilish markazi vakillari bilan uchrashdi.

Tomonlar Jizzax viloyatida barpo etilayotgan integratsiyalashgan AES loyihasi doirasidagi loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishni tashkil etish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar yakunida loyiha hujjatlari ekspertizasini muvofiqlashtirish va tegishli xulosalarni olish jarayonini tezlashtirish maqsadida O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Atom sanoati qurilish kompleksi tashkilotlari assotsiatsiyasi rahbariyati bilan O‘zbekistonda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, Vengriyaning MVM EGI Zrt. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda Jizzaxdagi AES loyihasi uchun quruq gradirnyalarni barpo etish bo‘yicha yaqin muddatdagi amaliy qadamlar belgilab olindi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston xorijda AES loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.