O‘zbekiston xorijda integratsiyalashgan atom elektr stansiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxadjayev Alibaev.Politika YouTube loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kichik va katta reaktorlarni birlashtirgan integratsiyalashgan AESning tuzilishi xorijda katta qiziqish uyg‘otdi. MAGATE bosh direktori Rafael Grossi shaxsan uni taqlid qilish uchun namuna deb biladi.
Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar allaqachon O‘zbekistonga tajriba uchun murojaat qilishmoqda va loyihaning amalga oshirilishini ko‘rish uchun kelishmoqchi. Bu xalqaro hamjamiyatda AES loyihasini amalga oshirishga “o‘zbekcha yondashuv” nomini oldi.
“Bizni, shubhasiz, trendsetterlar desa bo‘ladi. Ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida biz ulkan tajriba va malaka to‘playmiz — bu ham eksport salohiyatidir. Keyinchalik biz ana shu tajriba va malaka bilan boshqa mamlakatlarda ham shunga o‘xshash atom elektr stansiyalarini barpo etishda ishtirok etamiz”, — deb ta’kidladi Axmedxadjayev.
2024-yil dekabr oyida O‘zbekiston IHTga a’zo davlatlar o‘rtasida atom energiyasi bo‘yicha birinchi ilmiy-texnik konferensiyani o‘tkazdi. Prezident uni doimiy maydonga aylantirish bo‘yicha topshiriq berdi — konferensiyalar har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Navbatdagisi shu yilga rejalashtirilgan.
Mart oyida Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov O‘zbekiston AES qurilishi bo‘yicha xorijiy loyihalarga jalb qilinishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. U, shuningdek, O‘zbekiston sanoat korxonalarining kompetensiyalari Rossiyada talabga ega bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Tinch atom
2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.
Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi.
Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.
Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.
Joriy yil mart oyida Jizzax viloyatidagi AES qurilish maydonida dastlabki beton ishlari boshlandi. Ishlar yakuniga ko‘ra, gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega reaktor binosi poydevori tayyorlanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya integratsiyalashgan AES qurilishi bo‘yicha shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzoladi. Loyiha kichik va katta quvvatli atom stansiyalarini bir vaqtning o‘zida joylashtirishni nazarda tutadi.
Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.
4-iyun kuni O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES qurilishi boshlandi. Jizzax viloyatining Forish tumanida integratsiyalashgan AESning birinchi energoblokiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Birinchi betonning ramziy quyilishi stansiya qurilishining rasmiy boshlanishini belgilab berdi.
Avvalroq O‘zatom direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistondagi kichik AESni texnik ishga tushirish 2029-yil oktabr-noyabr oylariga rejalashtirilgani haqida ma’lum qildi.