Joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekistonda 999,7 ming aholi doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ma’lum qildi.

Shuningdek, 111,8 ming nafar ishsiz fuqarolar korxona va tashkilotlardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirildi.

Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan 10,2 ming nafar ehtiyojmand fuqarolar ish bilan ta’minlandi.

2023-yilda 15 mingta imkoniyati cheklangan fuqarolar bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, bu bo‘yicha o‘tgan to‘rt oy davomida 5000 ta fuqaro bandligiga ko‘maklashilgan.

Bundan tashqari, aholini vaqtinchalik ishlarda daromad manbai bilan ta’minlash maqsadida 7,3 mingta korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda 38,8 ming aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilib, ularga ish haqi uchun 40,9 mlrd so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.

Behzod Musayevning qayd etishicha, mehnat bozori konyunkturasi tahlil qilinib, talab yuqori bo‘lgan 71 turdagi kasb bo‘yicha 160 ming nafardan ortiq ishchi kasb egalariga bo‘lgan hozirgi va keyingi ehtiyoj belgilab olingan.

Yanvar-aprel oylarida 46,4 ming nafar ishsiz aholi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga tayyorlash va malakasini oshirish uchun yuborildi. Ularning 10,3 ming nafari o‘qishni tamomladi.

O‘qishga jalb qilinganlar quyidagi sohalarga to‘g‘ri keladi:

  • sanoat va xizmat ko‘rsatish — 34,4 ming;
  • qurilish — 4,6 ming,
  • agrotexnologiyalar — 900 ta;
  • IT sohasi — 1,9 ming;
  • hunarmandchilik (“Usta-shogird”) — 4 ming.

Vazirlik huzuridagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida 15 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, olis mahallalarda 250 ta kasb-hunar maskanlari tashkil etilishi belgilangan.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining ta’kidlashicha, o‘tgan davrda “Ayollar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 163,4 ming nafar ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlangan.

O‘zini-o‘zi band qilish faoliyat yo‘nalishlari bilan band bo‘lgan 10,9 ming nafar xotin-qizlar o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Joriy yilda mehnat bozoriga 734,9 ming nafar bitiruvchi kirib kelishi kutilmoqda. Shundan:

  • umumiy o‘rta maktabni bitirganlar — 383,1 ming;
  • kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlarni bitirganlar — 194,3 ming;
  • OTM bitiruvchilari 157,5 ming nafarni tashkil etadi.

Joriy yilning 1-yanvar holatiga OTM talabalarining 110 mingga yaqini iqtisodiyotning rasmiy sektorida o‘qishdan tashqari ish bilan band bo‘lganlarni tashkil etadi.

Xususan, shundan 64,5 ming nafari davlat sektorida, 42,1 ming nafari xususiy sektorda o‘z faoliyat olib boradi.

Yil boshida Behzod Musayev mamlakatdagi ishsizlik darajasi 8,9%ga, qashshoqlik darajasi esa 14,1%ga kamayganini ta’kidlagandi.

Tadqiqotlar 2022-yilda ishsizlik darajasi past bo‘lgan hududlarga Toshkent shahri, Navoiy va Toshkent viloyatlari kirishini ko‘rsatgandi.

Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston esa ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga kirdi.

Yil boshida davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Xususan, sharoiti og‘ir mahallalardan kamida 50 ming aholining bandligi ta’minlanadi.

Shuningdek, 2023-yilda 5 mln nafar aholi bandligi ta’minlanib, 2 mln doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Yana 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.