O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholining 1,3 mln.ni ishsiz. Bu haqda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 2,2 mln ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.

“Hozirda respublikadagi mavjud mahallalarda 10 ming nafarga yaqin hokim yordamchilari faoliyat yuritib, ular tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqda”, — dedi Behzod Musayev.

Xususan, subsidiyalar ajratish, ish bilan ta’minlash, kasbiy tayyorgarlikka jalb qilish va biznes yuritish ko‘nikmalari orqali aholi bandligi ta’minlanmoqda.

Shuningdek, ayni paytda mamlakatda faoliyat yuritayotgan 26 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, 53 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi, 539 ta kasb-hunar markazi, mahallalardagi o‘quv markazlari orqali mehnat bozorida talab katta bo‘lgan 70 dan ortiq kasb bo‘yicha ishsiz fuqarolarga ta’lim berilmoqda.

Mamlakatdagi ishsizlik darajasi 8,9%ga tushirilgan. Qashshoqlik darajasi ko‘rsatkichi esa 17%dan 14,1%ga kamaygan.

Joriy yilda O‘zbekistondagi qashshoqlik darajasini 12%gacha kamaytirish rejalashtirilgan.

PMTI tahliliga ko‘ra, ishsizlik darajasi past bo‘lgan hududlarga Toshkent shahri, Navoiy va Toshkent viloyatlari kiradi. Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston esa ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga kirdi.

2022-yilning iyul oyida mamlakatdagi ishsizlar soni 1,4 mln.ni tashkil etgan.

Yil boshida davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Xususan, sharoiti og‘ir mahallalardan kamida 50 ming aholining bandligi ta’minlanadi.

Shuningdek, 2023-yilda 5 mln nafar aholi bandligi ta’minlanib, 2 mln doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.