Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) joriy yilning birinchi choragida savdo sheriklari bo‘lgan mamlakatlarning valyutalari kursi o‘zgarishi O‘zbekistonning tashqi raqobatbardoshligiga qanday ta’sir ko‘rsatganini baholadi.

Tahlil 15 ta mamlakat — Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Koreya Respublikasi, Germaniya, Afg‘oniston, Braziliya, Eron, Hindiston, Ukraina, Latviya, Litva, Qirg‘iziston va Fransiya bo‘yicha o‘tkazildi.

Birinchi bosqichda sherik mamlakatlarning O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi umumiy ulushi hisoblab chiqildi va u 65,5%ni tashkil etadi.

Ikkinchi bosqichda bu mamlakatlardagi iste’mol narxlari indeksining o‘sish sur’ati tahlil qilindi.

Uchinchi bosqichda ushbu 15 ta mamlakatdagi valyuta kurslari dinamikasi hisoblandi.

Rossiya rubli joriy yilning mart oyida yil boshidagiga nisbatan 0,2% qadrsizlandi. Bu esa xorijiy mamlakatlar tomonidan mamlakatga nisbatan qo‘llanilayotgan sanksiyalar bilan bog‘liq.

Bu davrda Qozog‘iston tengesi 0,9%ga mustahkamlandi, Turkiya lirasi esa 2,1%ga qadrsizlandi.

Tahlilning to‘rtinchi bosqichida har bir mamlakat uchun nominal samarali valyuta kursi hisoblandi va inflyatsiya darajasi inobatga olingan holda real samarali valyuta kursi aniqlandi.

Real samarali valyuta kursining o‘sishi, mamlakat eksportining qimmatlashayotgani, importning esa arzonlashayotganidan dalolat beradi. Real samarali valyuta kursining pasayishi esa aksincha.

Nominal samarali valyuta kursi tahlili natijalari O‘zbekistonning tashqi raqobatbardoshligi faqat Turkiyaga nisbatan oshganligi, qolgan mamlakatlarga nisbatan esa pasayganligini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, real samarali valyuta kursi Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Afg‘oniston, Braziliya, Qirg‘iziston, Fransiya, Italiya va Yaponiyaga nisbatan mustahkamlangan.

Mazkur hamkor mamlakatlarga eskport qiymati qimmatlashib, import arzonlashgan. Boshqa asosiy hamkor mamlakatlar — Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Eron, Hindiston, Ukraina, Latviya, Litva, Belarus va Turkmanistonga nisbatan eksport qiymati pasaygan, import qiymati esa oshgan.


Avvalroq OTB 2023−2024 yillar bo‘yicha mamlakat iqtisodiyotiga oid prognozni taqdim etgandi. Unga ko‘ra, ko‘rsatkich har ikki yilda ham 5%ga o‘sishi kutilmoqda.