Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi haydovchilarning rul ortidagi stressi va asabiyligini kamaytirishga qaratilgan noodatiy texnologiyani patentladi. Bu haqda CenyAvto nashri xabar berdi.

Gap rulga o‘rnatiladigan maxsus taktil (ushlab his qilinadigan) modul haqida bormoqda. Patent arizasi Germaniya Patent va tovar belgilari idorasiga topshirilgan.

Yangi ishlanmada rulning haydovchi qo‘llari odatda ushlab turadigan qismiga yaqin joyda barmoqlar bilan o‘ynash mumkin bo‘lgan maxsus element joylashtiriladi.

Uning maqsadi tirbandlik, uzoq safar yoki murakkab yo‘l vaziyatlarida yuzaga keladigan ruhiy zo‘riqishni kamaytirish va haydovchining diqqatini yo‘ldan chalg‘itmagan holda xotirjamlikni saqlashga yordam berishdir.

Patent hujjatlarida modulning bir nechta varianti tasvirlangan. Ular qatoriga barmoq bilan bosilganda egiladigan yumshoq rezina yuzalar, turli teksturaga ega metall elementlar hamda aylanuvchi mayda rolik yoki sharlar kiradi.

Shuningdek, bosilganda “klik” ovozi va sezilarli taktil javob beradigan prujinali mexanizm ham nazarda tutilgan.

Volkswagen ushbu modulni almashtiriladigan qilib ishlab chiqishni ham ko‘zda tutgan. Bu kelajakda haydovchilarga o‘z didiga qarab turli shakl, material yoki mexanizmga ega modullarni tanlash imkonini berishi mumkin.

Biroq bu hozircha faqat patent hisoblanadi. Patentning ro‘yxatdan o‘tkazilishi texnologiya albatta seriyali avtomobillarga o‘rnatilishini anglatmaydi.

Qayd etilishicha, kompaniya yangi ishlanmani qaysi modelda va qachon qo‘llashi haqida hozircha ma’lumot bermagan.

Shuningdek, patentda ushbu taktil elementlar haydovchi stressini yoki “yo‘l g‘azabi"ni (road rage) kamaytirishi ilmiy jihatdan isbotlangani haqida dalillar keltirilmagan. Shu sababli mutaxassislar uning haqiqiy samaradorligi faqat amaliy sinovlardan keyin ma’lum bo‘lishini ta’kidlamoqda.


Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Toshkentda Volkswagen zavodini ochgani haqida yozgandi.