Joriy yilning 19-avgustidan “Uzbekistan Airways” kompaniyasi Toshkent-Blagoveshchensk yo‘nalishi bo‘yicha yangi parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlar haftada bir marotaba — shanba kunlari amalga oshiriladi hamda aviachiptalar quyidagi narxdan boshlanadi:

  • Toshkent-Blagoveshchensk yo‘nalishi 4,3 mln so‘mdan;
  • Toshkent-Blagoveshchensk-Toshkent yo‘nalishi 7,2 mln so‘mdan.

Aviachiptalarni kompaniyaning rasmiy sayti orqali 3% chegirma bilan UzAirways mobil ilovasi, “Uzbekistan Airways Sales” filialida hamda aviakompaniya agentlaridan xarid qilish mumkin.

Avvalroq aviakompaniya Toshkent-Samarqand yo‘nalishida yangi qatnovlarni yo‘lga qo‘ygandi. Parvozlar yangi olib kelingan LET L-410 samolyotida, muntazam ravishda amalga oshiriladi.

Toshkent-Samarqand yo‘nalishida chiptalar narxi 104 ming so‘mni, qaytish chiptalari narxi esa 182 ming so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq “Centrum Air” kompaniyasi Urganchdan Sankt-Peterburgga parvozlarni boshlashi haqida xabar berilgandi.