“Centrum Air” aviakompaniyasi Urganch-Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “Shimoliy poytaxt havo darvozalari” Pulkovo aeroporti boshqaruv kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, 24-iyuldan aviatashuvchi Sankt-Peterburgdan Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshiradi.

Parvozlar haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshirilishi qayd etilgan.

Shuningdek, aviaqatnov Airbus A320 samolyotlarida quyidagi vaqtlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

  • Urganchdan uchish (mahalliy vaqt bilan) 8:00 da,
  • Sankt-Peterburgdan uchish 12:20 da.

Iyun oyida aviakompaniya O‘zbekistonning uchta hududidan Moskvaga parvozlarni yoʻlga qoʻyishi ma’lum qilingandi.

Xususan, 19-iyundan Urganch, 21-iyundan Buxoro va 24-iyundan Termizdan Moskvaga reyslar haftasiga bir marta amalga oshirilishi qayd etildi.

“Centrum Air” “My Freighter” yuk aviakompaniyasi asoschilari tomonidan yaratilgan. Yil boshida u yo‘lovchi tashish uchun ruxsat oldi, shuningdek, o‘zining birinchi ikkita Airbus A320−232 samolyotini sotib oldi.