Xitoy O‘zbekistonga yangi temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘ydi, deya xabar berdi “Sinxua” agentligi.

Unga ko‘ra, “China Railway Beijing Group” kompaniyasiga qarashli yuk poyezdi 29-avgust kuni Xebey provinsiyasi Chjanjiaku shahridan Toshkentga jo‘nab ketdi.

14 ta konteyner platformasidan iborat poyezdda avtomobil ehtiyot qismlari, maishiy texnika va to‘qimachilik mahsulotlari olib ketilgan.

Poyezd yo‘nalishi Qozog‘iston bilan chegaradagi Xorgos quruq porti orqali o‘tadi. Taxminan 15 kun ichida O‘zbekiston poytaxtiga yetib borishi kutilmoqda.

Kompaniya yangi yo‘nalish mintaqada yuk tashishni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidlamoqda. Shuningdek, Chjanjiaku shahridagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llari tutashuvi negizida yangi multimodal logistika markazini yaratish rejalashtirilgan.

Xitoy O‘zbekistonga temir yo‘l orqali yuk tashishni kengaytirishda davom etmoqda. Joriy yilning iyun oyida mamlakatning Siyamen portidan Sergeli stantsiyasiga Eron orqali birinchi konteyner poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi.

Iyul oyi boshida esa Xitoydan Langfan-Qashqar-Irkeshtom-Osh-Toshkent yangi multimodal yo‘nalishida konteynerli blok-poyezdi jo‘natildi. Butun yo‘lning masofasi taxminan 6000 kilometrni tashkil etadi.