Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyadagi yonilg‘i tanqisligi ortidan yangi import manbalarini izlamoqda. Bu haqda Eurasianet nashri xabar berdi.

Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga Ukrainadagi dron hujumlari kuchaygani sababli Rossiyaning o‘zida yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelgan.

Shu sababli Moskva benzin, aviatsiya yoqilg‘isi va boshqa neft mahsulotlari eksportini cheklay boshlagan. Bu esa Rossiya yoqilg‘isiga sezilarli darajada tayanadigan Markaziy Osiyo davlatlariga ham ta’sir qilmoqda.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida Rossiyadan Markaziy Osiyo va Afg‘onistonga temiryo‘l orqali aviakerosin eksporti may oyiga nisbatan 92% dan ko‘proqqa kamayib, 3,8 ming tonnaga tushgan.

Benzin eksporti esa 34% ga kamayib, 99,3 ming tonna bo‘lgan. Biroq dizel eksporti aksincha 167,5 ming tonnadan 237,7 ming tonnagacha oshgan.

Shunga qaramay, 2026-yilning birinchi yarmida Rossiyaning Markaziy Osiyo va Afg‘onistonga yoqilg‘i eksporti 3,82 mln tonnani tashkil etib, yillik hisobda 7% ga oshgan. Ya’ni muammo umumiy eksportning birdan to‘xtashi emas, balki ayrim yoqilg‘i turlaridagi keskin qisqarish va Rossiyaning kelgusida yetkazib berishni kafolatlay olmay qolayotganidadir.

Qirg‘iziston va Tojikiston avval Rossiyadan yoqilg‘ining qariyb 90%ini olgan. Endilikda bu davlatlar muqobil manbalarni izlashga majbur bo‘lmoqda.

Masalan, iyul oxirida Rossiya Qirg‘izistonga yilning qolgan qismi uchun zarur bo‘lgan yoqilg‘ining atigi yarmini yetkazib berishga rozi bo‘lgan. Bu oyiga taxminan 100 ming tonna neft mahsuloti degani.

Bishkek taqchillikni O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus va Xitoydan olinadigan yoqilg‘i hisobiga qoplashga harakat qilmoqda. Shuningdek, Turkiya va Yevropa Ittifoqidan ham qo‘shimcha yoqilg‘i olish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Qirg‘iziston bundan tashqari o‘zining yoqilg‘i ishlab chiqarish imkoniyatini oshirishga urinmoqda. Mamlakat yiliga taxminan 450 ming tonna neft mahsuloti ishlab chiqaradigan zavod qurilishini tezlashtirmoqda. Zavod ishga tushsa, Qirg‘izistonning yillik ehtiyojining qariyb chorak qismini qoplay oladi.

Tojikiston iyul oyida Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan 34 ming tonna yoqilg‘i import qilgan. Bu iyun oyiga nisbatan uch baravar ko‘p. Shu davrda Rossiyadan benzin yetkazib berish esa qariyb ikki baravar kamayib, 14 ming tonnadan sal ko‘proq bo‘lgan.

Dushanbe qo‘shimcha yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha Qozog‘iston va Xitoy bilan muzokaralar olib bormoqda. Tojikiston Energetika vazirligi iyul boshida mamlakatda taxminan 60 kunlik yoqilg‘i zaxirasi borligini bildirgan.

Eurasianet ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya yoqilg‘isiga Qirg‘iziston va Tojikistonga qaraganda ancha kam bog‘liq.

O‘zbekiston ichki ishlab chiqarish hisobiga oyiga 100 ming tonnagacha neft mahsulotlari ishlab chiqarishi mumkin. Bu mamlakat ehtiyojining taxminan 60%ini qoplaydi.

Qolgan ehtiyojni qoplash uchun Toshkent yetkazib beruvchilarni diversifikatsiya qilmoqda va Gruziya, Iroq hamda boshqa davlatlar bilan kelishuvlarga erishgan.

O‘zbekiston uchun hozirgi asosiy muammolardan biri aviatsiya yoqilg‘isiga talabning oshishi. Geosiyosiy vaziyat sabab Markaziy Osiyo orqali uchayotgan samolyotlar soni, xususan Rossiyadan O‘zbekistonga kelayotgan reyslar ko‘paygan. Shu bois aviakerosinga talab ham oshmoqda. Hukumat ichki ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari mamlakatda 2−3 oyga yetadigan yoqilg‘i zaxirasi borligini aytgandi. Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov kuz-qish mavsumini jiddiy muammolarsiz o‘tkazish mumkinligiga ishonch bildirgan.

Qozog‘iston va Turkmaniston ichki yoqilg‘i ehtiyojini asosan o‘z ishlab chiqarishi hisobiga qoplay oladi. Shu sababli ular qo‘shni davlatlarda yuzaga kelgan taqchillikdan qo‘shimcha eksport daromadi olish imkoniyatiga ega.

Bu jihatdan vaziyat Markaziy Osiyo yoqilg‘i bozorini qayta shakllantirmoqda: Rossiyadan import qiladigan davlatlar yangi yetkazib beruvchilarni izlamoqda, Qozog‘iston, Turkmaniston va qisman O‘zbekiston esa mintaqadagi ta’minotda o‘z ulushini oshirishi mumkin.

Rossiyaning Markaziy Osiyo yoqilg‘i bozoridagi mavqei qisqa muddatli muammo sabab emas, uzoq muddatga zaiflashishi mumkin.

Agar Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa davlatlar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Turkmaniston, Turkiya va boshqa manbalardan muntazam yoqilg‘i ola boshlasa, Rossiya urush tugaganidan keyin ham avvalgi bozor ulushini to‘liq qaytara olmasligi mumkin.

Bu esa Moskvaning mintaqadagi iqtisodiy ta’sirini kamaytirishi va Rossiya budjetiga tushadigan neft mahsulotlari daromadlarini qisqartirishi ehtimoli bor.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Qirg‘izistonga oyiga 20 ming tonna yoqilg‘i yetkazib berishi mumkinligi haqida yozgandi.