Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi Bobur shoh ko‘chasida joylashgan yangi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Ko‘prik shaharning markaziy qismida, temiryo‘l vokzali yaqinida joylashgan. Inshoot Andijonning janubiy qismini markaz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash, aylanma yo‘llardan foydalanish zaruratini bartaraf etish va boshqa ko‘chalardagi tirbandlikni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyiha Mirziyoyevning 2025-yil aprel oyida viloyatga avvalgi tashrifi davomida bergan topshirig‘i asosida amalga oshirilgan. Yo‘l o‘tkazgichning qurilish qiymati 271 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 796 metr bo‘lib, shundan 596 metri estakadaga, yana 200 metri tayanch devorlari o‘rnatilgan qismga to‘g‘ri keladi. Ko‘prikning kengligi 25,9 metrni tashkil etadi.



Yangi yo‘l o‘tkazgich Andijon shahri va Oltinko‘l tumanining 140 ming nafar aholisi uchun yo‘lni 5,3 kilometrga qisqartiradi. Aylanma yo‘l va temiryo‘l kesishmasida (Abdurauf Fitrat ko‘chasida — Spot) kutib qolish zarurati bartaraf etilgani sababli, shaharning markazigacha yetib borish vaqti 17 daqiqaga qisqaradi.
Bundan tashqari, maxsus xizmat avtomobillarining shaharning shimoliy qismiga borish masofasi 9,3 kilometrgacha qisqaradi.
Matbuot xizmati ma’lum qilishicha, tez tibbiy yordam transporti bemorlarni viloyat shoshilinch tibbiy yordam markaziga 14 daqiqa tezroq yetkazishi mumkin.
Avvalroq Spot Andijon aeroportining yillik yo‘lovchi sig‘imini 3,5 mln nafarga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.


