Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan axborot bilan tanishgani haqida yozgan edi.

Energetika vaziri birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida mamlakatda kuz-qish mavsumini yoqilg‘i ta’minotida uzilishlarsiz o‘tkazish uchun zarur zaxiralar shakllantirilganini ma’lum qildi.

U O‘zbekiston energetika xavfsizligini ta’minlashda neft-gaz tarmog‘i juda muhim ahamiyatga ega ekanligini, tarmoqda neft va neft mahsulotlarini, zaxiralarni to‘plash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni oldindan rejalashtirish muhim ekanligini qayd etdi.

Mamadaminovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi geosiyosiy vaziyat ayrim davlatlarda energetika xavfsizligiga tahdidlar yuzaga kelayotganini ko‘rsatmoqda. Shu sababli nafaqat zaxiralarni yaratish, balki neft mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish ham muhim vazifa hisoblanadi.

Uning aytishicha, hozir O‘zbekistonda yiliga 1,2 mln tonnadan ortiq neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar tomonidan yana 600−700 ming tonna mahsulot chetdan olib kelinadi. Buning hisobiga mamlakatning neft mahsulotlariga bo‘lgan ichki ehtiyoji to‘liq qoplanadi.

Energetika vaziri birinchi o‘rinbosari prezident huzurida o‘tgan taqdimotda neft va neft mahsulotlari sanoatini rivojlantirish hamda kuz-qish mavsumi uchun yoqilg‘i zaxiralarining yetarliligi masalalari muhokama qilinganini qayd etdi.

“Kuz-qishga alohida reja qilib olganmiz. Yetarlicha zaxiralar yaratilgan va ichki ishlab chiqarishimiz ham bor. Shularni hisobga oladigan bo‘lsak, mamlakatda 100 ming tonnadan oshiq mahsulot ishlab chiqariladi. Ishontirib aytamanki, kelasi ikki-uch oy uchun zaxiralarimiz yetarli”, — dedi u.

Shuningdek, Umid Mamadaminov kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida yoqilg‘i ta’minoti va uning logistikasiga oid rejalar ishlab chiqilganini, bu masalalar Energetika vaziri raisligida har hafta o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda muhokama qilinishini aytdi. Unga ko‘ra, elektr va gaz ta’minoti, shuningdek, barcha yoqilg‘i tizimlari bo‘yicha alohida rejalar tayyorlangan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, taqdimotda kuz-qish mavsumida aholini elektr, gaz va boshqa yoqilg‘i resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Energetika vazirligi tizim tashkilotlari bilan birgalikda ishlaydigan brigadalar soni, zarur zaxiralar va boshqa tashkiliy choralar bo‘yicha aniq rejalarni ishlab chiqqan.

“Ishonchim komilki, tizim tashkilotlarimiz, hududlar va boshqa tarmoq vakillari bilan birgalikda kuz-qish mavsumini betalofot o‘tkazamiz”, — deya xulosa qildi Mamadaminov.

Avvalroq Spot gaz ta’minotidagi tekshiruvlarda 1,44 trln so‘mlik noqonuniy iste’mol fosh etilgani haqida yozgan edi.