O‘zbekistonning uchta yirik to‘lov tashkiloti — Paynet, Payme va Click — 2026-yilning birinchi yarmida jami 971 mlrd so‘m sof foyda oldi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 85,8% ga oshdi. O‘shanda kompaniyalarning jami foydasi 522,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Umumiy natijaga eng katta hissani Paynet qo‘shdi. Kompaniyaning sof foydasi uch barobardan ko‘proqqa oshib, 201 mlrd so‘mdan 615,5 mlrd so‘mga yetdi. O‘sishga tushumning ko‘payishi bilan birga, dividend daromadlari ham asosiy omil bo‘lgan.
Birinchi yarim yillikda kompaniya 321,1 mlrd so‘m dividend daromadi oldi. Bu mablag‘ 2025 yilda nazorat paketi sotib olingan to‘lov tizimi operatori — Milliy banklararo protsessing markazi (Humo)dan kelib tushgan. Bir yil avval Paynetda bunday daromad bo‘lmagan.
Foyda bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Payme egalladi. Kompaniya 205,9 mlrd so‘m foyda oldi, bu o‘tgan yilgi 166,6 mlrd so‘mdan ko‘p. O‘sishga, asosan, komissiya va obuna xizmatlaridan tushgan daromadlarning ko‘payishi hisobiga tushumning oshishi sabab bo‘ldi.
Click yarim yillikni 149,9 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilgi 154,7 mlrd so‘mlik natijadan biroz past. Bunga IT Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlarining bekor qilinishi hamda boshqa operatsion xarajatlarning keskin oshishi ta’sir ko‘rsatdi. Natijada kompaniyaning foyda solig‘i xarajatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 barobardan ko‘proqqa oshdi.
Tushum hajmi bo‘yicha ham Paynet yetakchilikni saqlab qoldi. Kompaniya daromadi o‘tgan yilgi 756,5 mlrd so‘mdan 1,14 trln so‘mga oshdi. Payme tushumi 327,1 mlrd so‘mdan 492,7 mlrd so‘mga, Clickniki esa 353,4 mlrd so‘mdan 437,6 mlrd so‘mga yetdi. Uchta yirik kompaniyaning jami tushumi 2,07 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilgi 1,44 trln so‘mga nisbatan oshdi.
Sof foyda rentabelligi bo‘yicha ham Paynet 53,9% ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinda. Payme’da bu ko‘rsatkich 41,8%, Click’da esa 34,3%ni tashkil etdi. Bu bozordagi ikki yirik kompaniyada tushumni foydaga aylantirish samaradorligi yuqoriroq ekanini ko‘rsatadi.
Bozor yetakchilaridan tashqari, Alif Tech (Alif) ham foydasini sezilarli darajada oshirdi. Kompaniya birinchi yarim yillikda 21,2 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilgi 9,3 mlrd so‘mga nisbatan ikki barobardan ko‘p.
Shu bilan birga, Brio Group orqali faoliyat yurituvchi Oson to‘lov operatori zarar ko‘rishda davom etmoqda. Kompaniya birinchi yarim yillikni 2,4 mlrd so‘m sof zarar bilan yakunladi. Shunga qaramay, bu o‘tgan yilgi 3,3 mlrd so‘mlik zararga nisbatan yaxshiroq natija.
Avvalroq Spot UzAuto Motors 2025-yilda tushum kamayganiga qaramay, foydasini oshirgani haqida yozgandi.
Daromad va operatsion foydaning pasayishiga qaramay, kompaniya o‘tgan yilni sof foydaning 7,8% ga o‘sishi bilan yakunladi.