UzAuto Motors’ning 2025-yil yakunlariga ko‘ra sof tushumi Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha qariyb $4,1 mlrdni tashkil etdi.

Bu 2024-yilgi $4,2 mlrdga nisbatan 3,7% ga kam. Mazkur ma’lumotlar kompaniyaning o‘tgan yilgi qisqa moliyaviy hisobotidan olingan.

Tushumning kamayishi fonida avtomobil ishlab chiqaruvchining asosiy operatsion ko‘rsatkichlari ham yomonlashdi.

Tushum va mahsulot tannarxi o‘rtasidagi farqni aks ettiruvchi yalpi foyda 21% ga qisqarib, $459,7 mlnga tushdi. Operatsion foyda ham pasaygan — 2024-yildagi $383,3 mlndan 2025-yilda $292,5 mlngacha.

Shunga qaramay, kompaniya sof foydasini oshirdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 7,8% ga o‘sdi va $314,9 mlndan $339,6 mlnga yetdi. Moliyaviy natijaga asosiy ko‘makni nooperatsion daromadlar ko‘rsatdi.

Depozitlar va obligatsiyalar bo‘yicha foizlar, shuningdek, moliyaviy aktivlarni qayta baholash natijalarini o‘z ichiga olgan moliyaviy daromadlar $65,6 mlndan $94,6 mlngacha oshdi.

O‘sishning qo‘shimcha omili ijobiy kurs farqi bo‘ldi: bir yil avval kompaniya valyuta qayta baholashdan $25,6 mln zarar ko‘rgan bo‘lsa, 2025-yilda $62,6 mln foyda ko‘rdi.

UzAuto Motors’ning jami aktivlari yil davomida qariyb $2,5 mlrddan $2,6 mlrdgacha o‘sdi. Xususiy kapital esa ancha sezilarli — $908,8 mlndan $1,3 mlrdgacha — asosan, to‘plangan taqsimlanmagan foyda hisobiga o‘sdi.

Shu bilan birga, hisobotning qisqacha versiyasida avtomobillar savdosi, ishlab chiqarish hajmi va eksportga yetkazib berish to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar mavjud emas. Ushbu ma’lumotlar MHXS bo‘yicha to‘liq yillik hisobotda ochib berilishi kutilmoqda.

KAP DEPO investitsiya kompaniyasining baholashicha, UzAuto Motors aksiyalarining joriy bozor narxi 53 500 so‘m bo‘lganda, P/E koeffitsiyenti 3,55 ni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich kompaniyaning bozor qiymati uning yillik foydasidan necha marta ko‘pligini aks ettiradi. P/E qanchalik past bo‘lsa, aksiyalar olinadigan foydaga nisbatan shunchalik arzon ko‘rinadi.

Kompaniyaning bozor qiymatining o‘z kapitaliga nisbatini ko‘rsatuvchi P/B koeffitsiyenti 0,93 ga teng. Boshqacha aytganda, bozor kompaniyani uning sof aktivlari qiymatidan biroz pastroq baholaydi. Bitta aksiyaning balans qiymati (book value) yil oxirida 57 600 so‘mga yetdi, bu hatto joriy bozor narxidan ham yuqori.

2025-yil davomida UzAuto Motors o‘z aksiyadorlariga uch marta dividend to‘ladi. O‘tgan yilning yanvar oyida investorlar har bir aksiya uchun 975 so‘mdan, iyul oyida 522 so‘mdan, noyabr oyida esa to‘lov miqdori har bir aksiya uchun 4642 so‘mni tashkil etdi. Yil davomida to‘lovlarning umumiy summasi 6139 so‘mni tashkil etdi.


Avvalroq Spot UzAuto Motors $350 mln bo‘lgan besh yillik yevrobondlarni joylashtirgani haqida yozgandi.