Buyuk Britaniya hukumatining “Chevening” xalqaro stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda dastur ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatlar talabalari magistratura darajasi uchun ishtirok etishlari mumkin. O‘zbekiston bu ro‘yxatda mavjud.

Stipendiya bir yil davomida Buyuk Britaniya universitetlaridan birida to‘liq moliyalashtirilgan o‘qish imkonini beradi.

“Chevening” stipendiatlarini tanlab olish jarayoni ariza topshirishning oxirgi muddatidan boshlab, nomzodlar shartli ravishda mukofot uchun tanlangunlariga qadar kamida sakkiz oy davom etadi. Bu yerda arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish muddatlari keltirilgan.

Qabul qilingan talabalar quyidagilarga ega bo‘ladi:

  • universitet o‘qish to‘lovlari;
  • oylik stipendiya;
  • borish va qaytish uchun aviachipta;
  • joylashish hamda jo‘nab ketish xarajatlari;
  • viza va sug‘urta xarajatlari;
  • tadbirlarda qatnashish xarajatlari.

Nomzodlar stipendiyaga ega bo‘lishlari uchun ayrim talablarga to‘g‘ri kelishlari kerak. Bular:

  • ingliz tilini bilishi;
  • bakalavr diplomiga ega bo‘lishi;
  • dastur tugagach vataniga qaytishi;
  • kamida ikki yillik (2800 soatga teng) ish tajribasiga ega bo‘lishi (mazkur talab bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin).

Shuningdek, nomzodlar ariza berish jarayonida uchta kurs tanlovini amalga oshirishi tanlangan kurslardan biri bo‘yicha universitetdan qabul qilinganlik taklifini olishi zarur.

Bunda, bitta institutda uchta turli kurs yoki uchtagacha turli universitetlarda o‘xshash kurslarni tanlash mumkin. Kurslar haqida batafsil bu yerda.

Nomzodlar diplom va baholar transkripti, 2ta tavsiyanoma, rezyume kabi hujjatlarni jo‘natishlari kerak. Hisob raqam ochilgach, zarur hujjatlar bilan tanishish mumkin.

Arizalar dasturning onlayn tizimi orqali qabul qilinadi. Tizimdan foydalanish bo‘yicha maslahatlar bu yerda. Ko‘p beriladigan savollar bilan havola orqali tanishish mumkin.

Bu yerda ko‘p qilinadigan xatolar ro‘yxati bilan tanishish mumkin. Arizada shu kabi xatolar kuzatilsa qabul qilinmaydi hamda arizalarni topshirgandan keyin o‘zgartirish mumkin emas.

Natijalar 2024-yilning iyun oyida e’lon qilinadi. Arizalarni havola orqali joriy yilning 7-noyabrigacha jo‘natish mumkin.

Dastur talablari havolada keltirilgan. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq Yaponiyaning Tokio texnologiya instituti MEXT stipendiya dasturi uchun arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.