Yaponiyaning Tokio texnologiya instituti MEXT stipendiya dasturi uchun arizalar qabul qilmoqda.

Unda butun dunyodan nomzodlar magistratura va PhD darajasi uchun ariza jo‘natishlari mumkin.

Institutda matematika, fizika, kimyo, mashinasozlik, axborot va kommunikatsiya muhandisligi, sanoat muhandisligi va iqtisodiyoti, kompyuter fanlari, arxitektura va qurilish muhandisligi, ijtimoiy va gumanitar fanlar kabi akademik soha va mutaxassisliklar mavjud.

Bunda, oldingi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirish talab qilinadi. Nomzodlar 35 yoshdan oshmagan, a’lo darajadagi ilmiy yutuqlarga ega bo‘lishlari, ingliz tilini bilishlari kerak.

Bundan tashqari, eng so‘nggi ta’lim bosqichida 3,00 shkalasi bo‘yicha GPA kamida 2,30 bo‘lishi zarur.

Qabul qilingan talabalar o‘qish to‘lovlaridan to‘liq ozod etilib, magistratura uchun oyiga 147 ming yen ($980), PhD uchun 148 ming yen ($990) miqdorida stipendiya ajratiladi. Bundan tashqari, borish-qaytish aviachipta xarajatlari qoplab beriladi.

Dastur uchun onlayn ariza berish jarayoni mavjud emas. Nomzodlar kerakli hujjatlar bilan universitetga pochta orqali ariza topshirishlari kerak.

Ilova qilingan hujjatlar va boshqa talablar bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Arizalar joriy yilning 6-dekabrigacha qabul qilinadi.


Avvalroq Yaponiyaning Osiyo Tinch okeani universiteti MEXT hukumat stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi. Arizalarni joriy yilning 15-noyabrigacha jo‘natish mumkin.