Joriy yilning 3−5-noyabr kunlari Toshkent metrosining yer usti halqa yo‘lining ayrim bekatlari 3 kunga yopiladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

“Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining ikkinchi bosqichidagi Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesigacha bo‘lgan Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) metro bekatlarida qurilish ishlarining so‘ngi bosqichi amalga oshirilmoqda.

Shu sabab yangi bekatlarni yo‘nalishdagi mavjud bekatlar bilan texnik jihatdan o‘zaro bog‘lash maqsadida, “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining Tolariq (10-bekat), Xonobod (11-bekat) va Quruvchilar (12-bekat) bekatlarida poyezdlar harakati to‘xtatiladi.

Uch kun davomida “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishida poyezdlar harakati “Texnopark” (Do‘stlik-2) — “Qiyot” (9-bekat) bekatlari oralig‘ida tashkil etiladi.

Shuningdek, yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirmaslik uchun “Qiyot” (9-bekat) — “Quruvchilar” (12-bekat) bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi qo‘shimcha avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yilning avgust oyida Toshkent metrosining “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari 4 oyga yopildi. 26-avgustdan 4 oy mobaynida “Turkiston-Yunusobod-Shahriston” metro bekatlari oralig‘ida harakatlanuvchi bepul transport harakati yo‘lga qo‘yildi.