Avvalroq Toshkent metrosining “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari 4 oyga yopilishi xabar qilingandi. Natijada, bu ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarni yuzaga keltirdi.

“Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati rahbari To‘ychi Mirzayev bu bo‘yicha tushuntirish berib, holat noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ta’kidladi.

“Profilaktik ishlar amalga oshirish — bu ta’mirlash ishlari emas va bekatlarning vaqtinchalik yopilishi — qurilish sifati bilan ham bog‘liq emas.

Yunusobod yo‘nalishining birinchi bosqichi 2001-yilda ishga tushirilganidan so‘ng, rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish uchun 2002-yil 3 oy muddatga yopilgan.

“Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatib turilganida “Shahriston” va “Ming o‘rik” bekatlari oralig‘ida odatiy tarzda harakatlanishi davom etadi va bu yo‘nalishda poyezdlar harakati oraliq vaqti (interval) 5 daqiqagacha qisqartiriladi.

26-avgustdan 4 oy mobaynida “Turkiston-Yunusobod-Shahriston” metro bekatlari oralig‘ida bepul transport harakati yo‘lga qo‘yiladi. Tashuvlar katta sig‘imli avtobuslar (metrobus) da amalga oshiriladi.

Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tonggi 06:00dan tungi 00:00gacha amalga oshiriladi.

Avvalroq “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari 4 oyga yopilishi sabab qo‘shimcha avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi muhokama jarayonida ekanligi ma’lum bo‘lgandi.