Joriy yilning sentabridan Toshkent shahrida 9ta yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi “UzA"ga ma’lum qildi.

Xususan, poytaxtda yo‘lovchilar tashish uzluksizligini ta’minlash va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida avtobuslar sonini 1550taga yetkazish rejalashtirilgan. Hozir ishga chiqarilgan avtobuslar soni 1464tani tashkil etadi.

Shuningdek, bajariladigan qatnovlar soni 21,7 mingtadan 22,8 mingtaga oshiriladi. Hozir “Toshshahartransxizmat” tarkibidagi 8 ta avtobus saroylari tomonidan 158 ta avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatilmoqda.

Toshkent metropolitenining “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari 4 oyga yopilishi sabab qo‘shimcha avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi muhokama jarayonida ekanligi ta’kidlanmoqda. Bu to‘g‘risida tez orada ma’lumot berilish qo‘shimcha qilingan.

Joriy yilning 22-avgustidan, 14 ta avtobus yo‘nalishlarida brutto-shartnoma asosida xizmat ko‘rsatila boshlandi.

Bu yo‘nalishlar qatoriga “Toshshahartransxizmat” tarkibidagi avtobus saroylari tomonidan xizmat ko‘rsatayotgan 8T, 12, 14, 21, 22, 24, 25, 28, 30, 46, 48, 49, 54 va 59-sonli avtobus yo‘nalishlari kiradi.

Fevral oyida jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini joriy etish belgilangandi.

May oyi boshida poytaxt bo‘ylab harakatlanuvchi 5-, 11-, 18-, 19-, 37-, 44-, 67-, 77-, 83-, 136-, 139-, 142-, 72- va 81-sonli avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish brutto-shartnoma asosida tashkil etilgandi.

Joriy yilning 9-iyunidan yana 7 ta yo‘nalishli avtobuslarda xizmat ko‘rsatish brutto shartnomalari asosida yo‘lga qo‘yildi.