Fevral oyida jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini joriy etish belgilangandi.

“Toshshahartransxizmat” kompaniyasining matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 5-maydan poytaxt bo‘ylab harakatlanuvchi 5-, 11-, 18-, 19-, 37-, 44-, 67-, 77-, 83-, 136-, 139-, 142-, 72- va 81-sonli avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish brutto-shartnoma asosida tashkil etildi.

Shuningdek, may oyi oxiriga qadar jamoat transportida harakatlanuvchi yo‘lovchilar uchun to‘lov tariflari o‘zgartiriladi.

Yangi joriy etilayotgan ta’rif rejasiga ko‘ra, yo‘lkiraning bir martalik narxi 2000 so‘m, bank va transport kartalari, mobil ilovalar orqali to‘lov qiluvchi yo‘lovchilar uchun esa 1600 so‘mga o‘zgaradi.

U qanday ishlaydi?

Xususan, jamoat transportidan foydalanuivchilar uchun bir kunlik, 3 va 6 oylik hamda yillik tariflar ishlab chiqilgan.

Elektron to‘lov tizimidan foydalanuvchilar uchun “peresadka” qilishga mo‘ljallangan tariflar ham joriy qilinmoqda.

Agar yo‘lovchilar o‘z manziliga bir soat ichida bir transport turidan ikkinchi marotaba foydalansa, yo‘lkira uchun 400 so‘m qo‘shiladi.

Bir soat davomida yo‘lovchining bir transport turidan uchinchi, to‘rtinchi marotaba ma’lum bir manzilga harakatlanishi esa bepul bo‘ladi.

Shu bilan birga, metropoliten foydalanuvchilari uchun bir martalik harakat 1600 so‘mni tashkil etadi va metrodan foydalanib, keyingi harakatni avtobusda amalga oshirsa, 1000 so‘m to‘lov yechiladi.

jamoat transporti, toshshahartransxizmat, avtobus qatnovi, metro

Undan keyin, uchinchi marotaba (avtobusda) harakatlanish bepul bo‘ladi.

“Peresadka” qilishga mo‘ljallangan tarifdan faqat transport kartadan foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun amal qiladi.

Shuningdek, naqd pulda harakatlanuvchi yo‘lovchilar har bir foydalanilgan transport vositasi uchun 2000 so‘mdan to‘lashlari kerak bo‘ladi.


Joriy yil boshida jamoat transporti haydovchilari uchun kunlik tushum planini belgilash bekor qilingandi.