“Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan dunyoning mashhur 1000ta kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi amalga oshiriladi.

Kitoblarni tarjima qilish va nashr etish ikki bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda ekspertlar kengashi tomonidan har yili kitoblarning dastlabki ro‘yxati shakllantiriladi.

Ikkinchi bosqichda esa aholi tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tanlab olish uchun dastlabki ro‘yxat agentlikning axborot tizimlariga joylashtiriladi hamda bu orqali yakuniy ro‘yxat shakllantiriladi.

Loyiha doirasida har yili nashr etiladigan kitoblar ro‘yxatiga kamida 20% ilmiy-ommabop asarlar kiritiladi.

2023−2024 yillarda dastlabki tanlangan 50 nomdagi kitobni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish choralari ko‘rilishi belgilanmoqda.

Kitoblarni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq davlat xaridlari talabgorlar o‘rtasida eng yaxshi takliflarni tanlash hamda tender o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbek tilidagi adabiyotlar jamlanadigan va aholi tomonidan bepul foydalaniladigan maxsus mobil ilova yaratiladi.

Joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonda Rossiyaning “Litres” elektron kitoblar va audiokitoblar xizmati ish boshlagandi.