2023-yilning 11 oyi davomida O‘zbekiston hukumati eksport qiluvchi kompaniyalar xarajatlari uchun kompensatsiya va eksportni rag‘batlantirish uchun boshqa to‘lovlar ko‘rinishida 519,5 mlrd so‘m ($42 mln) yo‘naltirdi, deya xabar bermoqda “EastFruit” ekspertlari.

Joriy yil yanvar oyining boshidan noyabr oyining oxirigacha 658 eksport qiluvchi kompaniyaga transport xarajatlarining bir qismini qoplash shaklida kompensatsiya to‘langan.

Bunday subsidiyalarning umumiy summasi 373 mlrd so‘mni tashkil etdi (20-dekabr holatiga ko‘ra, Markaziy banki kursi bo‘yicha $30,1 mln).

Transport xarajatlarining bir qismi uchun kompensatsiya olgan eksport qiluvchi kompaniyalar asosan meva-sabzavot va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik-trikotaj va charm-poyabzal mahsulotlari, dori vositalari, elektrotexnika va boshqa tovarlarni eksport qildilar.

Davlat ko‘magida transport xarajatlarining bir qismini qoplash shaklida amalga oshirilgan eksport hajmi 2023-yilning 11 oyida $1,1 mlrdni tashkil etdi.

2022-yil mart oyida Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligiga transport-logistika xarajatlari oshishi munosabati bilan transport xarajatlari uchun kompensatsiya miqdorini 50%dan 70%ga oshirish topshirilgan edi, chunki o‘zbekistonlik eksportyorlar dunyodagi geosiyosiy vaziyat tufayli boshqa transport yo‘laklaridan foydalanishga majbur bo‘lishdi.

Shuningdek, davlat budjetidan meva-sabzavot mahsulotlari va boshqa turdagi tovarlar uchun 149 ming xil sertifikatlarni (fitosanitariya, tovarlarning kelib chiqishi va muvofiqligi) rasmiylashtirish xarajatlari qoplandi. Ushbu maqsadlarga 32 mlrd so‘m ($2,6 mln) yo‘naltirildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston eksportyorlarini qo‘llab-quvvatlashning quyidagi turlari uchun 114,5 mlrd so‘m ($9,3 mln) yo‘naltirildi:

  • 260 ta kompaniyaga eksport kafolati sifatida polisdan foydalanganda sug‘urta mukofotlari uchun kompensatsiya sifatida 38 mlrd so‘m ($3,1 mln) to‘langan;
  • 236 ta korxonaga xalqaro ishlab chiqarish standartlarini joriy etish va tashqi bozorga chiqish uchun ko‘mak berildi, bu maqsadlar uchun 36 mlrd so‘m ($2,9 mln) yo‘naltirildi;
  • O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash uchun budjetdan 37 mld so‘m ($3 mln) to‘landi;
  • 98 ta korxona reklama kampaniyalari, taqdimotlar va davriy nashrlarga obuna uchun 3,5 mlrd so‘m ($282,9 ming) to‘lovlar oldi.

2023-yil avgust oyida “EastFruit” O‘zbekiston hukumati eksportchilarning logistika xarajatlarini davlat budjeti hisobidan qoplashni davom ettirish to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, logistika xarajatlari oshib borayotgani fonida eksportni qo‘llab-quvvatlash dasturini kengaytirish haqida yozgandi.

Ushbu maqsadlar uchun eksportyorlarning logistika xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha $100 mln, mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy etish va soha mutaxassislarini tayyorlash uchun yana $25 mln ajratish rejalashtirilgan edi.