Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni tezlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida aholi salomatligini ta’minlash, tibbiyot sifatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Bularni tezlashtirish va hayotga samarali tatbiq etish maqsadida xalqaro ekspertlar ishtirokida takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil qilish taklif etilmoqda.

Markaz quyidagi yo‘nalishlarga mas’ul etib belgilanadi:

  • davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini hamda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to‘liq joriy etish;
  • tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini kuchaytirish;
  • kadrlar salohiyatini oshirish;
  • tibbiy ta’lim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va boshqalar.

Shuningdek, markaz raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, DXSh loyihalarini tezlashtirish, xususiy sektorni kengaytirish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilishga ko‘maklashadi.

Loyiha ofisi faoliyatiga ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari hamda xorijiy ekspert va maslahatchilar shartnoma asosida jalb qilinadi.

Sog‘liqni saqlash sohasida yetuk kadrlar salohiyatini oshirish borasida bir qancha chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Unda jamoat salomatligi, profilaktik tibbiyot, jismoniy faollik ixtisosliklari bo‘yicha magistrlik yo‘nalishlari ochiladi. Tibbiyot yo‘nalishidagi talabalar bilimini xalqaro tan olingan tizim asosida, ikki bosqichda davlat imtihonlari orqali baholash yo‘lga qo‘yiladi.

Keyingi o‘quv yilidan, hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliygohlarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qitiladi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Joriy yilda amaldagi 40ta sanitariya qoida va normalari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi. Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berdi.

2023-yilning sentabrida prezidentning sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan farmoni e’lon qilingandi. Hujjat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi “Aholi salomatligi — 2030” milliy strategiyasini ishlab chiqishi belgilangan.

Vazirlik mazkur milliy strategiya loyihasini ishlab chiqib, loyihalar portalida e’lon qildi. o‘zbekistonliklar orasida semizlik muammosini kamaytirish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, 2024−2025 o‘quv yilidan barcha davlat va nodavlat tibbiyot OTMlarda ikki bosqichli davlat imtihonlarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi.