“Xayraton — Mozori Sharif” temir yo‘l liniyasini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

21-fevral kuni Xayraton stansiyasida kompaniya hamda Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi vakillari ishtirokida mazkur temir yo‘l liniyasini qayta tiklash va ta’mirlashga qaratilgan tadbir o‘tkazildi.

Kelishuvga asosan, tiklash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” birinchi bosqich uchun 120 nafar ishchi xodimni safarbar qildi.

Birinchi bosqichda yuk vagonlarini qisqa muddatda “Naibobod” stansiyasiga yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Buning uchun “Xayraton” stansiyasining “B” parkida hamda temir yo‘l infrastrukturasining 57 km bo‘lgan hududlarida to‘liq tiklash ishlari parallel ravishda tashkil etiladi.

2023-yilning noyabrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi bilan Xayraton-Naybabad-Mazari-Sharif temir yo‘lini O‘zbekiston kompaniyasi mutaxassislari tomonidan rekonstruksiya qilishga kelishdi.

Undan keyin “O‘zbekiston temir yo‘llari” mazkur temir yo‘l liniyasini 50%lik chegirma bilan ta’mirlashi ma’lum bo‘ldi.

Xayratondan Mozori Sharifgacha bo‘lgan temir yo‘l liniyasi 2010-yilda qurib bitkazildi. 2011-yildan buyon unga texnik xizmat ko‘rsatish “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga qarashli “So‘g‘diyona Trans” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.

2022-yilning dekabrida Afg‘oniston hududidagi texnik ishlarni bosqichma-bosqich Afg‘on temir yo‘llari ishchilari tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha “Harakatlar rejasi” kelishilgandi.