O‘zbekiston Afg‘oniston bilan temir yo‘lning Xayraton-Naybabad-Mazari-Sharif qismini rekonstruksiya qilishda ishtirok etadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 8-noyabr kuni Afg‘onistonning Xayraton shahrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev va Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i Baxt-ar-Rahmon Sharafat o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar temir yo‘l transporti sohasida o‘zaro hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdi. Asosiy e’tibor temir yo‘lning Xayraton-Naybabad-Mazari-Sharif qismini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq masalalarga qaratildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” mutaxassislari tomonidan mazkur uchastkada amalga oshiriladigan qurilish ishlarini erta boshlashga kelishildi. Ikkala tomon ham mazkur temir yo‘l qismini rivojlantirish va modernizatsiya qilishdan manfaatdorligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, hamkorlik mintaqaning transport infratuzilmasini yaxshilashga hamda Afg‘oniston va O‘zbekistonda savdo hamda iqtisodiyotni rivojlantirishda qulay shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Avvalroq Afg‘onistonda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining vakolatxonasi ochilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Joriy yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi.