Afg‘onistonda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining vakolatxonasi ochilishi mumkin. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

29-oktabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Qobulda Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari Abdul G‘ani Mulla Barodar bilan uchrashdi. Unda tomonlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan masalalarni muhokama qilishdi.

Qobulda o‘tkazilgan uchrashuvlarda “Surxon — Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i qurilishi loyihasini amalga oshirish, O‘zbekistonning Qobul va Mozori Sharif shaharlaridagi savdo uylari faoliyatini qayta tiklash va jonlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Afg‘onistonda “O‘zbekiston temir yo‘llari” vakolatxonasini ochish hamda xalqaro yuk tashish, bojxona nazorati va foydali qazilmali konlarni o‘rganish kabi boshqa masalalar muhokama qilindi.

Ikki mamlakat davlat idoralari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “B2B” hamda “G2B” formatidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tomonlar $1,18 mlrdlik eksport-import shartnomalari va bitimlarni imzoladi. Mazkur hujjatlar qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, transport-logistika, kimyo sanoati, farmatsevtika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, charm-poyabzal, elektrotexnika sanoati kabi sohalarni qamrab oladi.

Avgust oyida O‘zbekiston Afg‘oniston bilan tranzit cheklovlarini olib tashlash masalalarini ko‘rib chiqqandi.

Joriy yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi.