“O‘zbekiston temir yo‘llari” Afg‘onistondagi Xayraton-Mozori Sharif temir yo‘l liniyasini 50%lik chegirma bilan ta’mirlaydi. Bu haqda “LogiStan"ga tayanib “Railway Supply” nashri xabar bermoqda.

“U („O‘zbekiston temir yo‘llari“ — „Spot“ izohi) bizga $6 mln miqdorida 50%lik chegirma berishga va’da berdi”, — dedi Tolibon vakili Zabihulloh Mujohid.

Unga ko‘ra, Xayraton-Mozori Sharif temir yo‘lining 75 km uzunlikdagi qismini yaqin vaqt ichida rekonstruksiya qilishni boshlash rejalashtirilgan. Biroq Afg‘oniston rasmiysi ish qachon boshlanishining aniq sanasini aytmagan.

Joriy yilning 8-noyabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari Zufar Narzullayev Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i Baxt-ar-Rahmon Sharafat bilan uchrashuvda Xayraton-Naybabad-Mazari-Sharif temir yo‘lini O‘zbekiston kompaniyasi mutaxassislari tomonidan rekonstruksiya qilishga kelishdi.

Xayratondan Mozori Sharifgacha bo‘lgan temir yo‘l liniyasi 2010-yilda qurib bitkazildi. 2011-yildan buyon unga texnik xizmat ko‘rsatish “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga qarashli “So‘g‘diyona Trans” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.

2022-yilning dekabrida Afg‘oniston hududidagi texnik ishlarni bosqichma-bosqich Afg‘on temir yo‘llari ishchilari tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha “Harakatlar rejasi” kelishilgandi.

Joriy yilning 1-fevralidan Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi kelishilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshira olmayotganligi sabab, mamlakatga temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatildi.

Avvalroq Afg‘onistonda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining vakolatxonasi ochilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.