Tojikiston Turkiya fuqarolari uchun viza rejimini joriy qilmoqda. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, “Xovar” agentligi xabar berdi.

Joriy yilning 20-aprelidan boshlab Turkiya umumiy fuqarolik pasportlari egalariga nisbatan viza rejimi qo‘llaniladi.

Qayd etilishicha, bu bo‘yicha tegishli qaror o‘zaro munosabat tamoyilini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Turkiya fuqarolari Tojikiston vizasini mamlakatning xorijdagi elchixonalari va konsulliklaridan olishlari mumkin.

6-aprel kuni prezident Rajab Toyyib Erdog‘an tomonidan qabul qilingan qaror bilan Turkiya Tojikiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi.

Mart oyi boshida AQSh qirg‘izistonliklar uchun sayyohlik va ishbilarmonlik vizalari muddatini uzaytirgandi. Shuningdek, B1, B2 va B1/B2 vizasiga ariza topshirishda olinadigan $20 miqdoridagi yig‘im bekor qilindi.