Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi $37 mlrddan oshdi. Bu haqda 5-sentabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Davlat qarzining $30,9 mlrdi tashqi, $6,1 mlrdi esa ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi chorak yakunida davlat qarzi birinchi chorakka nisbatan $1,67 mlrdga oshgan.
Vazirlik saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki yarim yillikda davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 33,2%iga teng bo‘lgan. Dastlabki chorakda bu 31,7%ni tashkil etgandi.
“Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi bugungi kunda mo‘tadil darajada hisoblanmoqda. O‘zbekiston nomidan hamda davlat kafolati ostida imzolangan jami tashqi qarz shartnomalarining hajmi $2,8 mlrdni tashkil etdi”, — dedi vazir.
Shuningdek, Jamshid Qo‘chqorov davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, joriy yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalarni qayta moliyalashtirish maqsadida jahon moliya bozorlariga $1,5 mlrd miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar chiqarilganini qayd etdi.
2023-yilning birinchi yarmida davlat qarzi $31,5 mlrdni tashkil etgan. Yil davomida esa, 2022-yilga nisbatan $5,7 mlrdga o‘sib, $34,9 mlrdga yetgan.
Joriy yilda davlat tashqi qarzining asosiy kreditori $6,7 mlrd bilan Jahon banki bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarda Osiyo taraqqiyot banki ($6,4 mlrd) hamda Xitoy taraqqiyot banki, Xitoy Eskimbanki ($3,7 mlrd) turibdi.
Mamlakat Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligidan $2,4 mlrd, OIIBdan $1,3 mlrd, Islom taraqqiyot bankidan $921 mln hamda Fransiya taraqqiyot agentligidan $823 mln jalb qilgan. Koreya Eskimbanki, Koreya Iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va XVJdan jalb qilingan qarz har biri $735 mlnni tashkil etadi.
Keyingi o‘rinlarda YTTB ($226 mln), Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ($143 mln), Germaniya davlat banki hamda Ispaniya davlat banki (jami $336 mln) bor. Yana $4,1 mlrd xalqaro obligatsiyalar egalaridan kelgan.
Tashqi qarzning asosiy qismi (42%) budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan — $13 mlrd. Keyingi o‘rinlarda yoqilg‘i-energetika ($5,74 mlrd, 19%), qishloq va suv xo‘jaligi ($2,75 mlrd, 9%), transport ($2,72 mlrd, 9%) va uy-joy kommunal xo‘jaligi ($2,71 mlrd, 9%) turibdi.
Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshchiligidagi tadqiqot natijalari 2023-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi marta $100 mlrddan oshganini qayd etgandi.