Farg‘onada Koreya tajribasi asosida zamonaviy tibbiyot markazi tashkil etiladi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov bosh ofisi Janubiy Koreyada joylashgan Armed Inc kompaniyasi direktori Azizbek To‘ychiyevni qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot muassasasini tashkil etish loyihasi ko‘rib chiqildi.
Kompaniyaning tibbiy texnologiyalar va zamonaviy tibbiyot uskunalari ishlab chiqarish, xususan, umurtqa jarrohligi sohasidagi ilg‘or yechimlari haqida ma’lumot berildi.
Davolash jarayonlarida Koreya tajribasini joriy etish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalar va kelgusidagi rejalarga ham e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov Farg‘onada tibbiyot sohasi jadal rivojlanayotgani, xorijiy davlatlardan, ayniqsa qo‘shni mamlakatlardan davolanish uchun kelayotgan bemorlar soni ortib borayotganini ta’kidladi.
Taklif etilayotgan loyiha viloyat tibbiyotini yanada taraqqiy ettirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Uchrashuvda loyihani amalga oshirish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan kelishib olindi.
Avvalroq Spot BAA kompaniyasi O‘zbekistonda 100 ta diagnostika markazi ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Ushbu markazlarda MSKT, MRT, rentgenografiya, gemodializ va laboratoriya diagnostikasi xizmatlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.