Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Unda o‘tgan sakkiz yilda mamlakatga $230 mlrd investitsiya jalb qilingani, shundan $120 mlrddan ortig‘i xorijiy sarmoya ekanligi qayd etildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik me’yor 10 nafardan oshmasligi belgilangan. Endi bu cheklov 2 karraga ko‘paytiriladi.

Prezident mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazishni taklif qildi. Tanlovning mukofot jamg‘armasi $1 mln bo‘ladi. Uning doirasida sayyohlar e’tiborini qozongan, nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy e’tirof olgan mehmonxonalar har yili taqdirlanadi.

Bundan tashqari, muloqotda qaysi hududda infratuzilma yaxshi bo‘lsa, o‘sha joy tadbirkorlarni o‘ziga tortishi, servis rivojlanishi qayd etildi. Shu bois, infratuzilma olib borish orqali yirik turistik maskanlari ko‘paytiriladi.

Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Qorabog‘ mahallasi, Farg‘onaning Chimyoni, Surxondaryoning Boysun tumanidagi Omonxona, Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi Nurbuloq shaharchasida master-reja asosida 300−500 gektarli yirik kurort zonalari tashkil etiladi.

Ular “yil 12 oy” xizmat ko‘rsatadi, bu loyihalar infratuzilmasi uchun $150 mln beriladi.

Avgust oyi boshida Spot Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilingani haqida yozgandi.

Loyihada ekologik talablar bajarilmasa loyiha to‘xtatiladi. Investor loyiha uchun ajratiladigan yerlar evaziga yetkazilgan zararni qoplash uchun $5 mln ajratadi. Qurilish ishlariga “katta tajribaga ega” mahalliy va xorijiy kompaniyalar jalb etiladi.

Bundan tashqari, hukumat moratoriyga qaramay Sea Breeze Uzbekistan uchun daraxtlarni kesishga ruxsat berdi. Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura va Kadastr agentligi Chorvoq suv ombori yaqinidagi yangi binolarni xatlovdan o‘tkazadi.

Avvalroq, Spot Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Chorvoqdagi Sea Breeze loyihasi bo‘yicha yuzaga kelgan savollarga javoblar bergani haqida yozgandi.