Uzoq vaqt davomida ekranlardan taraladigan ko‘k nur uyqu muammolarining asosiy sabablaridan biri sanalib kelingan.
Biroq, yangi tadqiqotlar uning ta’siri ancha bo‘rttirilganini, asl sabablar esa turmush tarzi va kun davomidagi yorug‘lik darajasiga bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Techinsider xabar berdi.
So‘nggi yillarda ekranlardan taraladigan ko‘k nur uyqu sifati yomonlashuvining asosiy “aybdori"ga aylandi. Biroq yangi tadqiqotlar muammo ancha murakkab ekanini va gap, katta ehtimol bilan, smartfonlarda emasligini ko‘rsatmoqda.
Britaniyalik jurnalist kechqurunlari ko‘k nurdan butunlay voz kechib, bir tajriba o‘tkazdi: u to‘q sariq linzali maxsus himoya ko‘zoynagini taqdi, derazalarni qalin pardalar bilan to‘sdi va xonadonini faqat shamlar bilan yoritdi. Maqsad — ko‘k nurdan voz kechish uyquga qanchalik ta’sir qilishini tekshirish edi.
Ko‘k nur atrofidagi vahimaga 2014-yilda o‘tkazilgan bir tadqiqot sabab bo‘ldi: unga ko‘ra, uyqudan oldin iPad’da kitob o‘qigan ishtirokchilar kechroq uxlagan, o‘zlarini charchagan his qilgan va ularning organizmida melatonin kamroq ishlab chiqarilgan. Bu holat LED ekranlarning sirkad ritmlarga ta’sir qiluvchi ko‘k nurni ko‘proq tarqatishi bilan izohlandi.
Biroq, keyingi tadqiqotlar ekranlar ta’siri ancha bo‘rttirib yuborilganini ko‘rsatmoqda. Stenford universiteti professori Jeymi Zeytzerning so‘zlariga ko‘ra, ekranlardan taraladigan yorug‘lik miqdori real hayotda uyquni jiddiy ravishda buzish uchun juda kamlik qiladi. Laboratoriya sharoitida bu ta’sir sezilarli bo‘lsa-da, u kundalik holatlarni aks ettirmaydi.
11 ta tadqiqot tahliliga ko‘ra, uyqu oldidan ekranlardan foydalanish uxlab qolishni o‘rtacha atigi 9 daqiqaga kechiktirar ekan. Qolaversa, gadjetlardan taraladigan ko‘k nur miqdori tabiiy kunduzgi yorug‘liknikidan ancha kam: qurilmalar bilan bir kun tashqaridagi bir daqiqadan kamroq ko‘k yorug‘lik beradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kun davomida olingan yorug‘likning umumiy miqdori hal qiluvchi omil hisoblanadi. Sog‘lom uyqu uchun ertalab va kunduzi ko‘proq yorqin nur olish, kechqurun esa yorug‘likni sezilarli darajada kamaytirish muhim.
Zamonaviy hayot tarzi, ayniqsa, uydan ishlash ko‘pincha odamlarni yetarli darajadagi kunduzgi yorug‘likdan mahrum qiladi, shu sababli organizm kun va tunni yaxshi farqlay olmaydi.
Shuningdek, faqat yorug‘likning o‘zigina emas, balki kontent ham muhim: uyqu oldidan smartfonlardan foydalanish ko‘pincha ekran nurlanishi tufayli emas, balki kishini o‘ziga tortuvchi mashg‘ulotlar — ijtimoiy tarmoqlar, yangiliklar yoki videolar sababli uyquga xalal beradi.
Jurnalistning tajribasi ko‘k nurdan to‘liq voz kechishning o‘zi deyarli sezilarli samara bermasligini ham ko‘rsatdi: na maxsus ko‘zoynak, na “sham yorug‘idagi hayot” uyqu muammosining universal yechimi bo‘la oldi.
Asosiy omil ko‘k nurni yo‘qotish emas, balki umumiy yoritish tartibi — kunduzi (ayniqsa, ertalab) yorqin nur va kechga borib uning kamaytirilishi ekani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, ekran nuri emas, balki uyqu oldidan qilinadigan ishlar: smartfondan faol foydalanish, ijtimoiy tarmoqlar va diqqatni tortuvchi kontent muhimroq o‘rin tutadi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlar do‘stlikni yaratmasligi, uni kuchaytirishi yoki susaytirishi haqida xabar berilgandi.
Tadqiqotga ko‘ra, oflayn muloqot qilishi qiyin bo‘lganlar esa texnologiyalarda yordam topolmaydi — aksincha, ular jamiyatdan yanada uzoqlashib ketishi mumkin.