Avvalroq 24-aprel kuni prezident raisligida birinchi chorak yakunlari va qolgan davrda qilinadigan ishlar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari yig‘ilishda energiya samaradorlik masalalariga alohida to‘xtaldi.
Elektr yo‘qotishi 20% dan ko‘p bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalaridagi ahvol tanqid qilindi. Ularning xulosa qilmagan rahbarlarini bugunoq ishdan olish, o‘rniga yosh kadrlarni qo‘yib, yo‘qotishlarni 2 karra kamaytirish bo‘yicha KPI belgilab berish zarurligi qayd etildi.
Bugungi kunda texnika oliygohlarida energetika yo‘nalishida 10 mingdan ziyod 3- va 4-kurs talabalari ta‘lim olmoqda. Ularni texnika xavfsizligiga o‘qitib, dual ta‘lim asosida tumanga tushirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
“Marhamat, ustozlari shogirdini tumanga olib borsin, ishni o‘rgatsin, yo‘qotishni kamaytirish bo‘yicha yaxshi yechimlar taklif qilsa, tejalgan mablag‘ni ustoz va talabaga bonus qilib beraylik”, — dedi prezident.
Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar bu yil 5 mlrd kVt elektr va 3,5 mlrd kub metr gazni tejashi shartligi qayd etildi.
Ayrim rahbarlar tadbirkorning masalasini hal qilishi o‘rniga o‘zini chetga olayotgani, muammo respublika darajasiga chiqsa, aybini berkitish uchun o‘zini oqlab yurgani tanqid qilindi.
Nurafshon shahar hokimi byurokratiya sababli ikki yildan beri qurilishni boshlay olmagan tadbirkorga yordam berish o‘rniga qayerdan bu ma‘lumot prezident darajasigacha yetib borganini qidirish bilan ovora ekani aytildi.
G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l, Chinoz (Salixov) tumanlari hokimlari tadbirkorlik infratuzilmasi uchun berilgan tayyor pulga haligacha loyiha boshlamagani ko‘rsatib o‘tildi.
Biznes infratuzilmasini yaxshilash uchun ushbu tumanlarga bu yil respublikadan qo‘shimcha 262 mlrd so‘m berilgan.
Tegishli viloyatlar hokimlariga nomi aytilgan tuman hokimlari “aravasini torta olmayotgan bo‘lsa”, bugunning o‘zida lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.
Tumanlardagi markaziy ko‘cha, aholi gavjum joylarning katta qismida davlat idoralari joylashgani qayd etildi.
Ko‘kdala tajribasi asosida 19 ta tuman-shaharda davlat idoralarini yagona ma‘muriy markazga ko‘chirish boshlanmoqda. Lekin qolgan hokimlar o‘zi tashabbus ko‘rsatib, idoralarni bitta binoga olib kelib, elektr, gaz, suv va ta‘mirlashga ketadigan xarajatini tejash, tayyor infratuzilmasi bor joylarni tadbirkorlarga taklif qilishni o‘ylamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning o‘zidan davlat idoralarida yiliga 1,8 mlrd kVt-soat elektr va 340 mln kub metr gaz tejalishi aytildi.
Bu ishlarni barcha tumanlarda tashkil qilish orqali biznes uchun 5 mln kvadrat metr joy ochish bo‘yicha besh yillik dastur tayyorlash topshirildi. Joriy yil 26 ta tumanda davlat idoralarini bir joyga ko‘chirish boshlanishi shartligi qayd etildi.
Yangi ma‘muriy markazlar qurishda har bir xodimga to‘g‘ri keladigan maydon o‘rtacha 15 kvadrat metrdan oshmasligini ta‘minlash topshirildi.
Spot, avvalroq, yangi investitsiya loyihalarini tanlash uchun sun‘iy intellekt asosida platforma ishga tushirilishi haqida yozgandi.